Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Medvedev Putinning himoyasiga chiqdi

Medvedev Putinning himoyasiga chiqdi

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev Germaniyaning Vladimir Putinga doir qaroriga munosabat bildirdi.

Xabaringiz bor, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi joriy yil 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida amaldagi davlat rahbari Putin 87 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan holda g‘olib chiqqanini e’lon qildi.

Germaniya hukumati aksar G‘arb davlatlari kabi Rossiyada saylov erkin va halol o‘tkazilganini savol ostiga oldi va uning qonuniyligini tan olmadi. Shunga ko‘ra olmon davlati rasmiy hujjatlarida Vladimir Putin «Rossiya Federatsiyasi prezidenti» deb yuritilmasligi, shunchaki uning ism-familiyasi zikr qilinishi ma’lum qilindi. Berlin, shuningdek, Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida ham ovoz berish tashkil etilganini qoraladi.

Dmitriy Medvedev Germaniyaning Putinni prezident sifatida tan olmasligini «sharmandali zaiflik» deb baholadi.  U, shuningdek, Putin davlat rahbari sifatida tan olinmasa, u bilan qanday muzokara olib borilishini savol ostiga olgan.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida yuqori martabali siyosatchiga yarashmaydigan nojo‘ya so‘zlarni ishlatayotgan Medvedev bu gal ham odatini kanda qilmagan: olmon siyosatchilarini «kolbasafurushlar» deb atagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring