Maymun yuzli orxideya haqida nimalarni bilasiz?
Siz tashqi ko‘rinishi hayvonni eslatadigan gullar borligini bilasizmi? Dracula Simia – kichik ajdaho nomli orxideya maymunning yuzini eslatadi. Gul deganda go‘zallik ko‘z oldingizga kelib turgan bir paytda maymun qiyofali gulni tasavvur qilib ko‘ring. Tasavvur qilolmayapsiz-a? Bu orxideyaning ishqibozlari ko‘p, lekin injiq bo‘lgani bois o‘stirish qiyin. Olimlar tomonidan tasdiqlangan 100 dan ortiq turlar orasida eng mashhur maymun yuzli orxideya odamlarni qiziqtirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo ko‘pchilik bu gulni insonning mahorati va tasavvuri bilan emas, balki tabiatning o‘zi yaratganiga ishonmaydi.
Bu orxideya Janubiy va Markaziy Amerikaning nam, tropik tog‘li o‘rmonlaridan tashqari Ekvadorda ham keng tarqalgan «orxideya» oilasiga mansub o‘simliklar turiga kiradi. Ushbu epifitik gullar 1000 dan 2000 metr balandlikda o‘sadi. Ya’ni bu yerda ular uchun salqin sharoit mavjud. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu «kichik ajdaho» turiga mansub ba’zi turlar yo‘qolib ketish xavfi ostida va bu haqida xabarlar mavjud.
Taxminan 20 dan oshiq turi «Qizil kitob» ro‘yxatiga kiritilgan. Ushbu noyob gul – Dracula Simia botanik Karlayl Luer tomonidan Ekvadorning janubi-sharqidagi baland tog‘li zich o‘rmonlarda 1978 yilda topilgan.
Orxideyaning bu turi gullar shakli va rangi jihatidan juda farq qiladi. Lekin ularning umumiy tomoni shundaki, uchta gulkosa bir-biriga shunday bog‘langan – ular bir xil shaklni hosil qiladi, ya’ni maymunning turli qiyofasini. Qolaversa gulkosalar tuklar bilan qoplangani g‘aroyib. Uning uzun dumli, qizil-jigarrang gullarida bir juft nuqtali «ko‘zlar» mavjud bo‘lib, ular kaputsin maymunining yuziga juda o‘xshaydi.
Bu gul to‘g‘ri quyosh nuriga va ildizlarning suvsizlanishiga mutlaqo dosh berolmaydi. Shuningdek, unga sug‘oriladigan sho‘r suv va yozning yuqori harorati salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Agar orxideya o‘sadigan xonada shamol aylanmasa va kunduzgi harorat uzoq vaqt davomida 25 darajadan yuqori bo‘lsa, o‘simlik ochilmagan kurtaklarini tashlaydi va gullamaydi. Tabiatda bu hayratlanarli orxideya nafaqat hasharotlar, balki g‘ayrioddiy ravishda mayda kemiruvchilar – sichqonlar tomonidan changlanadi. Uning changlanish jarayoni go‘yoki qiyofasiga ta’siri bordek...
foto: J.Azarov
Yana bir maymunga o‘xshash jihati daraxtlarga osilib o‘sadi va xushbo‘ylik nuqtai nazaridan yoqimli apelsin hidini chiqaradi – bu uning jozibadorligini oshiradi. Bitta o‘simlik uchun gullashning davomiyligi yil davomida o‘zgarishi mumkin. To‘g‘ri sharoitlar saqlanib qolganda uning gullashi 19 yilgacha davom etadi.
Agar siz ushbu orxideyani o‘zingiz yetishtirishga harakat qilmoqchi bo‘lsangiz, internet orqali urug‘larni sotadigan sotuvchilarni topishingiz mumkin. Biroq, shuni yodda tutingki, bu urug‘larni yetishtirish ancha murakkab. Maymun yuzli orxideya urug‘lari deyarli changga o‘xshaydi va to‘g‘ri o‘sishi uchun maxsus parvarish talab etiladi. Va hatto hamma narsa mukammal bo‘lsa ham, o‘simlikning gullashi uchun uch yildan sakkiz yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter