Mashhur jarrohning uyidan minglab odam suyaklari topildi
Siyosatchi, sportchi va mashhur kishilarni davolagan britaniyalik taniqli jarroh yashirincha odam suyaklarini to‘plagan. Bu haqda «The Independent» nashri xabar berdi.
Jarroh Derek Makminning Vustershirdagi dang‘illama hovlisida va Birmingemdagi idorasida tos-son bo‘g‘imlarini protezlash paytida olingan besh mingdan ortiq suyak saqlanadi. Shifokor o‘zining kolleksiyasini 1990-yillarning boshidan to‘play boshlagan. Suyaklarini olayotganda bemorlardan ruxsat so‘rab ham o‘tirmagan.
Makminn faoliyat yuritgan Birmingem shifoxonasi xodimlari uning g‘alati xobbisidan boxabar bo‘lishgan. Ularning ayrimlari, hatto, suyaklarni saqlashiga yordam ham bergan: suyaklarni maxsus idishlarga joylashgan, keyin esa ularni shifokorning yordamchilari olib ketishgan.
2019-yili Makminn shifoxona rahbariyatiga suyaklarni saqlayotganini tan olgan. U suyaklarni nafaqaga chiqqanda o‘rganishini va shu tariqa qariganda ham o‘tkir zehnini saqlab qolishni rejalashtirganini tushuntirishga uringan. Tibbiyot muassasasi xodimlaridan biri «The Independent»ga ma’lum qilishicha, ushbu voqea ommaga ma’lum qilinmagan. Chunki Makminn, uning so‘zlariga ko‘ra, «oltin tuxum qo‘yib, katta daromad keltiradigan g‘oz» bo‘lgan.
Politsiya shifokorga nisbatan tergov harakatlarini boshlab yubordi. Negaki, uning odam a’zolarini saqlashga rasmiy litsenziyasi bo‘lmagan. Shuningdek, Makminn inson to‘qimalari to‘g‘risidagi Britaniya qonunini buzganlikda gumon qilinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter