Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Marhum fir’avndan pasport talab qilishgan, tirik qirolicha esa bunga ehtiyoj sezmaydi

Marhum fir’avndan pasport talab qilishgan, tirik qirolicha esa bunga ehtiyoj sezmaydi

Bugungi kunda pasport muhim hujjat sifatida hayotimizdan alohida o‘rin egallagan. Pasport va uning tarixi bilan bog‘liq qiziqarli voqealar ham talaygina. Tarixshunoslar birinchi pasport Injilda qayd etilganini aytishadi. Unga ko‘ra, Fors shohi Artakserks I mulozimlaridan biriga Iuda hududi bo‘ylab erkin harakatlanishi uchun rasmiy xat taqdim etgan. Aynan o‘sha rasmiy xat birinchi pasport vazifasini o‘tagan edi.

Shuningdek, pasportlardagi ilk fotosuratlar Birinchi jahon urushidan so‘ng paydo bo‘lgani ta’kidlanadi. Bunga asosiy sabablardan biri, Germaniya manfaatiga xizmat qilayotgan josus shaxs Amerika soxta pasporti bilan Buyuk Britaniya hududiga kirgan. Shundan keyingina, ya’ni Birinchi jahon urushi boshlanib fotosuratlar pasport uchun asosiy talablardan biriga aylandi. O‘sha vaqtlarda hattoki pasport uchun oilaviy suratlar ham qabul qilinavergan.

Ma’lumki, pasport — qaysidir ma’noda tirikligingizni tasdiqlovchi hujjat. Ammo hayotda shunday holatlar bo‘lishi mumkinki, marhumlar ham pasportga muhtojlik sezib qolishi hech gap emas. O‘tgan asrning 70-yillarida ana shunday qiziq voqea yuz bergan. Sodir bo‘lganda ham oddiy yoki yaqin o‘tmishdagi odam bilan emas, balki naq bundan bir necha ming yillar muqaddam fir’avn sifatida Misrni idora etgan Ramzes II bilan ro‘y bergan.

1974-yil Misrdagi bir guruh olimlar fir’avn Ramzes II ning mumiyolangan jasadi juda tez chirib ketayotganligini payqab qolishdi. Natijada mumiyolangan jasadni zudlik bilan samolyotda Fransiyaga ekspertiza uchun olib borishga qaror qilingan. Lekin, baxtga qarshi, Fransiya qonunchiligiga ko‘ra, har qanday tirik yoki o‘lik shaxs davlat chegarasini faqatgina pasport bilan kesib o‘tishi mumkin edi. Shu sababli, marhum fir’avnga zamonaviy Misr pasporti berilishiga to‘g‘ri kelgan. Uning ichidagi «shug‘ullanadigan ishi» haqidagi ma’lumotga «Qirol» (vafot etgan)» deb yozilgan hamda tug‘ilgan vaqti millodan avvalgi 1303-yil ekanligi, pasportning amal qilish muddati 1974-yilning 9-martidan 1981-yilning 9- martiga qadar etib belgilab qo‘yilgan.

E’tiborlisi, Parijda fir’avn jasadini qirollarga xos harbiy hurmat bilan kutib olishgan.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida keltirish mumkinki, hozirgi kunda hech qanday pasportga ega bo‘lmagan davlat yetakchilari ham bor. Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II qayerga bormasin, o‘zi bilan pasport olib yurish muammosidan forig‘ bo‘lgan. Uning o‘zi qolgan fuqarolarga pasport beradigan shaxsdir, shu tufayli u shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ehtiyoj sezmaydi.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring