Malayziya o‘z portlariga Isroil kemalari kirishini taqiqladi
Isroil bayrog‘i ostida harakatlanadigan yuk kemalarining Malayziya portlariga kirishi man etildi. Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimga ko‘ra, bu taqiq Isroilning xalqaro huquq va insoniylik tamoyillarini buzgan holda falastinliklar nisbatan sodir etayotgan zo‘ravon harakatlariga javoban joriy qilindi.
«Malayziya hukumati Isroilda joylashgan «Zim» shirkati kemalariga mamlakatimizning barcha portlariga kirishni man etish va cheklash haqida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, Malayziya Isroilga yo‘l olgan barcha kemalarga portlarimizda yuk tushirishni taqiqlaydi. Har ikki taqiq zudlik bilan kuchga kiradi», – deydi bosh vazir Anvar Ibrohim.
«Zim» Isroilning yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi yirik xalqaro kompaniyasi bo‘lib, Kuala-Lumpur ma’muriyati avvalroq mazkur shirkatga o‘z portlari kirishga ruxsat bergan edi. Yangi ma’muriyat ushbu ruxsatni bekor qilmoqda. Qolaversa, endilikda Isroil bayrog‘i ostida harakatlanuvchi barcha kemalar Janubi-sharqiy Osiyo mamlakati portlariga kira olmaydi.
Malayziya kommunikatsiya vaziri Fahmi Fazl ta’kidicha, Isroil kemalariga nisbatan joriy etilgan cheklov mamlakat G‘azo aholisiga ko‘mak va xayrixohlikda sobit ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.
«Bu qadam biz Isroilni tan olmasligimiz va u bilan hech bir jabhada, jumladan, iqtisodiy ko‘mak borasida hamkorlik qilmasligimizga aniq ishora qiladi», – deydi vazir.
Isroil bilan diplomat aloqalarga ega bo‘lmagan Malayziya mustaqil Falastin davlati tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab keladi. Unga ko‘ra, falastinliklar 1967 yilga qadar bo‘lgan chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan suveren davlatga ega bo‘lishga haqlidir.
G‘azoda joriy yil 7 oktyabrda boshlangan va minglab tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelgan urush borasida ham Kuala-Lumpur xalqaro maydonda Falastinni manfaatlarini himoya qilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil aprel oyida Isroil Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bosqin uyushtirganda Malayziya bosh vaziri BMT Xavfsizlik kengashini mudhish jinoyat aybdorlarini javobgarlikka tortishga chaqirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter