Lukashenkoning o‘g‘li «qora ro‘yxat»ga kirdi – G‘arb Belarusga qarshi yangi sanksiyalar joriy etdi
AQSh va Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etdi. Bu gal prezident Aleksandr Lukashenkoning o‘g‘li ham «qora ro‘yxat»ga kiritilgan. Rasmiy Minsk migrantlardan foydalangan holda YeIga qarshi gibrid urush olib borishda ayblanmoqda.
AQSh g‘aznachilik xizmati saytida chop etilgan hujjatga ko‘ra, joriy yil 2 dekabrdan Qo‘shma Shtatlardagi yuridik va jismoniy shaxslarga Belarus moliya vazirligi hamda Taraqqiyot bankiga kredit ajratish borasida cheklov kiritiladi.
Shuningdek, Yaqin Sharqdan YeI chegarasiga migrantlarni tashib kelishda gumon qilinayotgan 3 ta havo kemasi, 12 ta kompaniya hamda 20 nafar amaldor ham «qora ro‘yxat»ga tirkalgan. Sanksiya joriy etilgan rasmiylar orasida Belarus rahbarining to‘ng‘ich o‘g‘li Dmitriy Lukashenkoni ham ko‘rish mumkin.
AQSh bilan bir paytda YeI ham Belarus ma’muriyatiga qarshi jazo choralarini qo‘lladi. Unga ko‘ra, 17 amaldor hamda «Grodno Azot», «Belarus neft», «Belavia» kabi davlat shirkatlari faoliyatiga cheklov joriy etilmoqda.
Payshanba kuni, shuningdek, Kanada va Buyuk Britaniya hukumatlari Minskka nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass jazo choralari Lukashenko ma’muriyatining aksildemokratik xatti-harakatlariga javob ekanini ta’kidlagan.
Rasmiy Bryusselga ko‘ra, Belarus ma’muriyati migrantlar vositasida YeIga qarshi gibrid hujum uyushtirmoqda. Avval xabar berganimizdek, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi ham bu masalada bayonot bergan edi.
«Belarus rejimi ongli holda va behayolik bilan odamlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. U odamlardan o‘zining siyosiy maqsadlari uchun foydalanib, huquqni muhofaza qilish organlari yordamida odamlarni chegaraga jo‘natish va ularning g‘ayriinsoniy va dahshatli qish sharoitida qaytishiga to‘siq qo‘ymoqda», – deyiladi bayonotda.
Belarus tashqi ishlar vazirligi G‘arb tomonidan cheklovlar joriy etilishiga munosabat bildirar ekan, keskin javob choralarini va’da qilgan va sanksiyalarni keskin qoralagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter