KXShT: Ozarbayjon va Armaniston masalasida kuch ishlatishni ma’qullamaymiz
Bugun, 13-sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon chegarasida qurolli to‘qnashuvlar yuz bergani va bunda tomonlar bir-birlarini ayblagani xabar qilingan edi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Kotibiyati Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatning keskinlashuvi yuzasidan o‘zining rasmiy munosabatini bildirdi.
«13-sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston va Ozarbayjon chegarasida og‘ir qurollar va PUAlar qo‘llangan holda to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Natijada qurbonlar va yaradorlar bor.
Biz kuch ishlatishni nomaqbul deb hisoblaymiz.
Qarama-qarshiliklarni bartaraf etish uchun Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlarining 2020-yil 9-noyabr, 2021-yil 11-yanvar va 26-noyabrdagi bayonotlarida mustahkamlangan faqat siyosiy va diplomatik usullar va kelishuvlardan foydalanish kerak.
Biz 13-sentyabr kuni soat 09:00 dan boshlab to‘qnashuv chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Rossiyaning vositachilik sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz.
Armaniston tomonining KXShT Kollektiv xavfsizlik kengashiga Armanistonga yordam so‘rab qilgan murojaati munosabati bilan tashkilot kotibiyati KXShT Qo‘shma shtab-kvartirasi bilan birgalikda vaziyatni hal qilish uchun KXShT mexanizmlarini faollashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etdi», – deyiladi tashkilot munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, bugun tundagi to‘qnashuvlardan so‘ng rasmiy Yerevan Rossiya va KXShTdan yordam so‘ragan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter