Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusni qasddan yuqtirish uchun qatl! O‘lim jazosiga doir yashirin tafsilotlar ochiqlandi

Koronavirusni qasddan yuqtirish uchun qatl! O‘lim jazosiga doir yashirin tafsilotlar ochiqlandi

Xitoyda qatllar ko‘lamiga doir aniq ma’lumotlar yo‘q – o‘lim jazosiga doir ma’lumotlar davlat siri sanaladi. Foto: «CNN»

Koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan cheklovlar dunyoning ayrim mamlakatlarini o‘lim jazosini ijro etishdan to‘xtata olmadi. Bu haqda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ma’lum qildi.

«Butun dunyo insoniyatni koronavirus ofatidan qutqarish uchun najot qidirayotgan bir paytda ayrim hukumatlar qatl hukmlarini ijro etish bilan xavotir va tashvish uyg‘otdi. O‘lim jazosini oqlab bo‘lmaydi. Uni pandemiya sharoitida amalga tatbiq etish esa ikki karra shafqatsizlikdir», – deydi mazkur tashkilot bosh kotibi Anes Kallamar.

Qayd etilishicha, 2020-yilda 18 mamlakatda sud hukmi asosida 483 mahbus qatl etildi, ularning 16 nafari ayollardir. Qatllar soni ikki yil avvalgiga qaraganda 26 foizga kamaygan: 2019-yilda 657 mahbus qatl qilingan.

O‘lim hukmlari boshni tanadan judo qilish, dorga osish, otuv kabi usullar, shuningdek, ukol va elektr toki yordamida amalga oshirilgan. Qatllar soni borasida Xitoy, Eron, Misr, Iroq va Saudiya Arabistoni «peshqadam» deb e’lon qilingan.

Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, vatanga xiyonat, josuslik, isyon, portlovchi moddalar tayyorlash, qalbaki dori-darmon ishlab chiqarish va sotish, nomusga tegish, qotillik, odamfurushlik, giyohvandlik moddalari savdosi, korrupsiya kabi 40 dan oshiq turdagi jinoyatlar uchun o‘lim jazosi ko‘zda tutilgan.

2020-yildan Xitoyda COVID-19 xastaligini yashirish va boshqalarga qasddan yuqtirish uchun ham o‘limga qadar keskin jazo choralari joriy etildi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2020-yil fevral oyidayoq bu turdagi 21 ta jinoyat ro‘yxatga olingan. Ammo jinoyatda ayblanganlarning qanchasi o‘limga hukm qilingani ma’lum emas. Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, kamida bir kishi koronavirusga qarshi tartib-qoidalarni buzgani uchun qatl etilgan. Umuman, Xitoyda har yili minglab mahbus qatl etilishi aytiladi.

Ammo o‘lim jazosiga doir ma’lumotlar davlat siri o‘laroq malakalangani bois bu borada aniq raqamlar mavjud emas. Amnesty International esa statistik raqamlarni tuzishda qatl etilgan mahkumlarning qarindoshlari bilan suhbatlar hamda matbuot xabarlariga tayanadi.

2020-yili Misrda qatllar soni 3 baravarga ortdi. Foto: «AFP»

O‘tgan yili Misrda 107 mahkum qatl etilgan. Bu 2019-yildan (32 nafar) 3 baravar ko‘pdir. Amnesty International o‘lim hukmiga doir tergov va sud jarayonida xalqaro me’yorlar buzilgani, ayrim hollarda qiynoq ostida ko‘rsatmalar olingani haqida xabar bergan.

2020-yili Iroqda 45 ta (2019-yilda 100 ta) va Saudiya Arabistonida esa 27 ta (2019-yilda 184 ta) o‘lim hukmi ijro etilgan.

AQShda o‘lim hukmini bekor qilishga chorlovchi namoyish. Foto: «AFP»

AQSh G‘arbiy yarimsharda qatl amalga oshirilgan yagona mamlakat hisoblanadi. Mamlakatning 25 shtatida o‘lim jazosi mavjud. Ammo so‘nggi yillarda federal miqyosda o‘lim hukmini ijrosi bo‘yicha norasmiy moratoriy amal qilib kelayotgan edi. Prezident Donald Tramp ma’muriyati norasmiy tanaffusni buzgan holda 17 yilda ilk marta 10 ta o‘lim hukmini amalga oshirdi. Pandemiya cheklovlari sabab advokatlar o‘z himoyasidagi mahkumlar bilan ko‘risha olmaganidan arz qilgan.

Hozirga qadar dunyoning 108 ta mamlakati o‘lim jazosini to‘liq bekor qilgan. Amnesty International tashkiloti mazkur jazoni saqlab qolgan davlatlarni ham undan voz kechishga chaqirib kelmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring