«Koronakrizis»: Yaponiya iqtisodchilari 1955-yilni esga olishdi
Yaponiya iqtisodiyoti, koronavirus tarqalishiga qarshi qo‘llangan cheklovlar fonida misli ko‘rilmagan pasayish tomon yuz burdi. Kunchiqar yurt hukumati bugun, 17-avgust sanasida ochiqlagan ma’lumotlar bunga shohidlik beradi, deb yozmoqda «Praym».
2020-yilning aprel — iyun oylarida, pandemiya tarqalishining oldini olish uchun insonlar o‘rtasida muloqotlar cheklanib, ishbilarmonlik faolligi cheklangan davrda, YaIMning real qulashi o‘tgan chorakka nisbatan mavsumiy tebranishlarni ham nazarda tutganda 7,8 foizni tashkil etdi, yillik qiyosda esa pasayish 27,8 foizga baholangan. Salkam 5 trillionlik yapon iqtisodiyoti uchun 1 foiz yo‘qotishning o‘zi qanchaga tushishini hisoblab olavering.
Yalpi ichki mahsulot o‘sishidagi manfiylik qatorasiga uchinchi oy kuzatilmoqda. Hozirgi pasayishni Yaponiya hukumati 1955-yildan beri eng yirigi deya baholadi.
Tokioda va yana oltita prefekturada 7-apreldan odamlarni uyda qolishga majbur etuvchi favqulodda vaziyat tartibi joriy etildi, keyinchalik bu cheklov may oyi oxiriga qadar butun mamlakat uchun tatbiq etildi. Butun mamlakat bo‘ylab biznesga qattiq zarba bergan cheklovlarni hukumat bosqichma-bosqich yumshatib bordi.
Yaponiya iqtisodiyotining katta yarmini tashkil qiluvchi iste’mol xarajatlari o‘tgan chorakka nisbatan 8,2 foizga qisqarib ketdi, chunki FV sharoitida do‘konma-do‘kon yurishlar kamayadi, restoranlar-u sayohatlarni-ku aytmasa ham bo‘ladi.
Tovarlar va xizmatlar eksporti, xususan, xorijlik sayyohlar hisobiga olinadigan daromalar chorak hisobida (aprel — iyun) 18,5 foizga, yillik qiyosda 56 foizga qisqarib ketgan.
Iqtisodiyotni tiklash ishlari vaziri Yasutosi Nisimura (u COVID-19ga qarshi choralar uchun ham mas’ul) hukumat vaziyatni o‘nglash uchun barcha choralarni ko‘rishiga umid bildirdi.
«Kiodo» agentligiga ko‘ra, Yaponiya hukumati YaIMning 2020-yil ikkinchi choragiga doir yanada batafsil ma’lumotini shu yilning 8-sentyabrida e’lon qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter