Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adham Otajonov (Abu Muslim)

Har bir amalingizni tahlil qilib, kimga yoki nimaga sig‘inayotganingizni bilish mumkin.

Jurnalistning o‘limi. Janjaldan arra ovozigacha o‘tgan 22 daqiqa

Jurnalistning o‘limi. Janjaldan arra ovozigacha o‘tgan 22 daqiqa

BMT xizmatchisi bo‘lgan tergovchi Anes Kallamar Saudiya Arabistonining Istanbul shahridagi konsulxonasida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi bilan bog‘liq barcha tafsilotlarni tikladi. Janjal boshlanishi sifatida ko‘rsatilgan vaqtdan murdani mayda bo‘laklarga bo‘lgan arraning ovozigacha atigi 22 daqiqa o‘tgan. Endi savol: shahzoda bin Salmon tayyorlanayotgan qotillik haqida bilarmidi? O‘jar tergovchi Anes o‘sha «muqaddas» shaxsga qadar yetib bormoqchi. Lekin shahzoda osongina taslim bo‘lmaydi.

BMT tergovchisi o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi ortida turganiga asosli dalillar topdi. Tergovchi shahzoda barchasini tan olishiga erishish uchun Saudiya Arabistoni Qirolligining amaldagi hukmdoriga qarshi sanksiyalar joriy qilishga chaqirdi.

Inson huquqlari bo‘yicha ekspert Anes Kallamar (Agnes Callamard) BMT inson huquqlari bo‘yicha komissiya ko‘rsatmasi bilan tergov o‘tkazdi va tergov natijalari bo‘yicha 101 sahifalik ma’ruza tayyorladi, unda «Qoshiqchi qasddan, oldindan o‘ylab qo‘yilgan jazolash, sudsiz qatl etish qurboni bo‘lgan. Buning uchun inson huquqlari sohasida Saudiya Arabistoni javobgar», degan xulosa chiqarilgan.

Hisobotda Qoshiqchi hayotining so‘nggi kunlari va daqiqalari haqida yangi tafsilotlar mavjud, ammo uning tanasining qayerdaligi haqida hech narsa aytilmagan.

Anes Kallamar Oq Uyning muhim ittifoqchisi va Tramp ma’muriyatining Eronga maksimal bosim o‘tkazish kampaniyasining faol ishtirokchisi bo‘lgan shahzoda Muhammadga qarshi tergov o‘tkazish kerakligini ta’kidlaydi.

— Valiahd shahzodaning ushbu qotillikka aloqadorligi haqida asosli dalillarni hisobga olgan holda, bunday sanksiyalar toki bu zo‘ravonlik uchun javobgar emasligini isbotlaydigan va tasdiqlaydigan dalillar taqdim etilmaguncha valiahd shahzodaga va uning chet eldagi shaxsiy mulkiga nisbatan qo‘llanilishi kerak, — deyiladi hisobotda.

«Dalillar shuni ko‘rsatadiki, Qoshiqchini 15 kishidan iborat bo‘lgan guruh jazolagan, bunday harakatlar uchun esa hukumat darajasida qat’iy muvofiqlashtirish kerak. Bundan tashqari, resurslar va moliya kerak, — deyiladi hujjatda. — Saudiya hukumati ushbu resurslarni Ahmad Asiri (Ahmed Asiri) tomonidan taqdim etganini da’vo qilsa-da, barcha mutaxassislar bir ovozdan shunday deyishadi: valiahd shahzodaning ishtirokisiz bunday ko‘lamdagi operatsiyani amalga oshirish mumkin emas edi. U hech bo‘lmaganda Qoshiqchiga qarshi qandaydir jinoiy xarakterdagi harakatlar amalga oshirilayotganini tushunishi kerak edi».

Qoshiqchi 60 yoshga to‘lishidan sal oldin Saudiya rejimi tomonidan Istanbulga yuborilgan professional qotillar guruhi tomonidan o‘ldirildi. Hisobotda jurnalist 2 oktyabrda aldab qo‘lga tushirilgani va o‘ldirilgani keltirilgan. Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida hayotining so‘nggi daqiqalari qayd etilgan yozuvlarning transkriptlari keltirilgan. Bu ish Saudiya Arabistoni va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarni jiddiy ravishda yomonlashtirdi, shuningdek, yosh islohotchi qiyofasida jahon hamjamiyati oldida paydo bo‘lish uchun millionlab dollar sarflagan shahzoda Muhammadning obro‘siga kuchli zarba berdi.

«Biz seni olib ketgani keldik», — dedi Qoshiqchiga qotillardan biri. Ular jurnalistni ushlab oladilar va bo‘g‘a boshlaydilar.

Hisobotda Kallamar va uning tergov guruhi tomonidan so‘nggi besh oy ichida to‘plangan suhbatlar va guvohliklarning mazmuni qisqacha bayon etilgan va tergovchilarning noroziligi haqida so‘z yuritilgan.

Saudiya rejimi Qoshiqchining o‘limi holatlarini aniqlashga kirishgan turk va xorijiy tergovchilar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi. Qoshiqchi o‘ldirilib, jasadi mayda bo‘laklarga bo‘lingan va keyin noma’lum tomonga olib ketilgandan keyin Turkiyani tark etgan gumonlanuvchilarni so‘roq qilish lozimligini bildirib, qat’iy turib oldi. Kallamar hisobotida aytilishicha, tergovning bir qismi sifatida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurish haqidagi iltimosiga rad javobi berilgan. Tergovchi mamlakatga kiritilmagan.

Hisobotda aytilishicha, turk maxsus xizmatlari konsullikda yetti soatlik maxfiy suhbatdan olingan atigi 45 daqiqalik parcha taqdim etganlar, xolos.

Hisobotda Qoshiqchi hayotining so‘nggi kunlari haqida yangi tafsilotlar mavjud. U va uning qallig‘i nikoh uchun zarur bo‘lgan hujjat berilishi lozim bo‘lgan konsullikka tashrif buyurishdan har qanaqasiga qochishga harakat qilishgan. Biroq, turk hukumati ularga hujjatsiz nikohdan o‘tish mumkin emasligini aytgan.

Saudiya Arabistoni vakillari, shu jumladan, Istanbuldagi bosh konsul va Ar-Riyoddan kelgan boshqa shaxslar Qoshiqchi bilan uchrashuvdan oldin Istanbul yaqinidagi bir ko‘chmas mulk egasi bo‘lgan saudiyalik tadbirkor bilan bog‘langan va u bilan jurnalistni o‘ldirish niyatini ko‘rsatadigan rejalarni muhokama qilganlar.

Audioyozuvda xavfsizlik organlarining yuqori lavozimdagi vakili va shahzoda Salmonning ishonchli vakili Maher Mutreb (Maher Mutreb) so‘zlari eshitiladi, u shunday savol beradi: «Chamadonni qopga sig‘dirish mumkinmi?»

«Yo‘q, juda og‘ir», — deb javob beradi qotillar guruhining a’zolaridan biri bo‘lgan patologoanatom Salah Tubaygi (Salah Tubaigy). Keyin u davom etadi: «Bu oddiy. Bo‘g‘imlardan bo‘lamiz. Bu muammo emas. Tanasi og‘ir. Agar biz polietilen paketlar olib, tanasini mayda bo‘laklarga bo‘lsak, ish oson ko‘chadi. Keyin har bir bo‘lakni paketga joylaymiz».

«Qurbonlik yetib keldimi?» — so‘raydi Mutreb.

«Yetib keldi», — deb javob bergan kimdir.

Qoshiqchi Saudiya Arabistonini 2017 yilda tark etgandi. U bosh konsulikka taklif qilinib, vataniga qaytish niyati bor-yo‘qligi va agar qaytmoqchi bo‘lsa, qachon qaytish niyatida ekanligi so‘raldi.

Lekin suhbat tezda janjalga aylanib ketdi. «Biz seni qaytarishimizga to‘g‘ri keladi, — dedilar Qoshiqchining qotillari. — Interpoldan order bor, Interpol seni ortga qaytarishni so‘radi. Biz seni olib ketgani keldik».

Qoshiqchi uni tashqarida odamlar kutib turganini aytib, bosh tortadi.

«O‘g‘lingga kichkina maktub yozasan, — dedi Mutreb. — Uni bosib chiqarasan. Qani, mashq qilaylik, bizga ko‘rsatchi».

U yana rad etdi.

«Yoz, Jamol. Tezroq. Sen bizga yordam ber, biz esa senga yordam beramiz, chunki oxir-oqibat seni baribir Saudiya Arabistoniga olib boramiz. Agar bizga yordam bermasang, nima bo‘lishini o‘zing bilasan. Shunday ekan, bu ishni yaxshilikcha bajaraylik».

Olishuv ovozi eshitiladi. Turk hukumati Qoshiqchiga avval giyohvand modda in’yeksiya qilingan, keyin esa uni bo‘g‘ib qo‘yishgan deb hisoblaydi.

«Uxlab qoldimi?» — eshitiladi kimningdir ovozi.

«Boshini ko‘taryapti».

«Yana kiriting, barmog‘ingizni olib tashlamang, kiriting.»

Tergov hisobotiga ko‘ra, Qoshiqchi konsullikka soat 13 dan 15 daqiqa o‘tganda kirgan. 13:37da esa arra tovushi eshitila boshladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring