Jurnalist qizni o‘ldirgan ixtirochi oradan uch yil o‘tib aybiga iqror bo‘ldi
![Jurnalist qizni o‘ldirgan ixtirochi oradan uch yil o‘tib aybiga iqror bo‘ldi](https://static.xabaruz.com/crop/3/4/720_460_95_3456173542.jpg)
Peter Madsen o‘zi yasagan suvosti kemasi bortida.
Daniyalik ixtirochi Peter Madsen o‘zi haqida reportaj tayyorlagan shvetsiyalik jurnalist qiz Kim Vallni o‘ldirganiga iqror bo‘ldi. Bu haqda «SVT Nyheter» xabar berdi.
«Uning o‘limida men aybdorman. Jinoyatni men sodir etganman», — iqror bo‘ldi Madsen shved jurnalistining o‘limiga bag‘ishlangan hujjatli filmda.
Madsen shuning barobarida zo‘ravonlikka moyil emasligini, bundan hammadan ko‘ra ko‘proq o‘zi aziyat chekishini ham qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun: Kim Vall 2017-yilning 10-avgustida bedarak yo‘qolgandi. U Madsenning konstruktorlik ishlari haqida reportaj tayyorlash uchun u bilan birga «Nautilius» qo‘lbola suvosti kemasida dengizga ravona bo‘lgandi.
Ertasi kuni suvosti kemasi halokat signalini yo‘llaydi. Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar kema bortida yolg‘iz Madsenga duch kelishadi.
Daniya politsiyasi 2017-yilning oktyabrida qizning tana bo‘laklari og‘ir metall bilan birga joylangan plastik paketni topadi...
Tergov chog‘i o‘z ko‘rsatmalarini tinmay o‘zgartirgan Madsen endi nihoyat aybiga iqror bo‘ldi: Vallning jasadini bo‘laklab suvga tashlab yuborganini tan oldi. Ammo qizning o‘limiga is gazi sabab bo‘lganini aytmoqda.
Uch yil avval ekspert-psixiatrlar ixtirochini patologik yolg‘onchi, atrofdagilar uchun xavfli shaxs deb topishgan, sud Madsenni bir umrga ozodlikdan mahrum etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter