Jozep Borrel Ukraina urushini diplomatik yo‘l bilan to‘xtatish shartini aytdi

Yevropa Ukrainaga harbiy ko‘mak ko‘rsatishda davom etar ekan, ixtilofni diplomatik yo‘l bilan hal etish uchun sa’y-harakatlardan ham to‘xtamaydi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Euronews telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlashicha, bu ikki yondashuv bir-biriga zid emas, balki bir-birini to‘ldiradi.
«Ayni paytda barcha vositalarni ishga solgan holda, alalxusus, BMT orqali tinchlik borasidagi muzokaralarni o‘tkazishga harakat qilmoqdamiz. Ammo tinchlik (kelishuvi) Ukrainaning hududiy yaxlitligiga hurmat va BMT ustaviga rioya etishga asoslanishi kerak. Kelgusi hafta Nyu-Yorkdagi uchrashuvlar buning uchun munosib imkoniyat tug‘dirishi mumkin», – deydi u.
J.Borrel Rossiya prezidenti Vladimir Putinning muzokaralarga rozilik berishi imkonini baholar ekan, urushni boshlagan ham, to‘xtatadigan ham u ekanini urg‘ulagan.
YeI bosh diplomati Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar samarali ta’sir ko‘rsatayotganiga ham ishonch bildirgan.
«Biz Rossiyaga nisbatan joriy etgan iqtisodiy sanksiyalar unga kuchli ziyon keltirmoqda. Uglevodorodlar savdosidan daromad kamayib, budjet va savdo taqchilligi ortmoqda. Avtomobilsozlik, aviasanoat kabi muhim yo‘nalishlar allaqachon to‘xtagan. Sanksiyalar zaharga o‘xshaydi: sekin, ammo tayin ta’sir etadi», – deydi J.Borrel.
Siyosatchi Rossiya urushni yana cho‘zmasligi uchun yevropaliklar hozirgi ruhda sa’y-harakat qilishi muhimligini ta’kidlagan.
Avvalroq YeI bosh diplomati Rossiyaga nisbatan kollektiv G‘arb joriy etgan sanksiyalarning ta’sir ko‘lamini batafsil tushuntirib bergan edi.
2022 yil 17 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan siyosiy mashqaratda esa J.Borrel Ukraina bosqinining Markaziy Osiyoga ta’siri haqida gapirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter