«Josus jurnalist» ishiga doir tafsilotlar ochiqlandi
Yaponiyalik jurnalist Rossiyada josuslikda gumonlanib qo‘lga olingan. Bu haqda «RIA Novosti» Rossiya tashqi siyosat mahkamasiga asoslanib xabar berdi.
Rossiya huquq-tartibot idoralari «Kunchiqar o‘lka»dan kelgan jurnalist mamlakat harbiy salohiyatiga doir maxfiy ma’lumotlarni olishga uringani uchun hibcga olinganini iddao qilgan.
Qayd etilishicha, jurnalist 2019-yil 25-dekabr kuni Vladivostokda hibsga olingan. Unga Rossiya Jinoyat kodeksining 276-moddasida ko‘zda tutilgan huquqbuzarlik (josuslik) va uning oqibati tushuntirilib, uch sutka ichida mamlakatni tark etish sharti qo‘yilgan. 48 yoshli jurnalist ertasigayoq rus tuprog‘idan chiqib ketgan.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi Yaponiyaning Moskvadagi elchixonasi maslahatchisini chaqirib, unga norozilik notasini topshirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, hibsga olinib, so‘ng qo‘yib yuborilgan jurnalist Yaponiyaning «Kiodo» agentligida faoliyat yuritgan. Tahririyat jurnalistning josuslikda gumonlanganini shubhali holat deya talqin etgan. «Kiodo» agentligiga ko‘ra, jurnalist Vladivostokda odatdagidek jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan paytda qo‘lga olingan.
Yapon tashqi siyosat mahkamasi jurnalistning hibsga olinishi holatidan boxabarligini ma’lum qilgani holda, ochiq munosabat bildirmaslikni ma’qul ko‘rgan.
Voqealar rivoji yaponiyalik jurnalistning hibsga olinishi shunchaki siyosiy ruhdagi voqea deya talqin etishga undaydi. Negaki, xorij fuqarosi (ayniqsa, Rossiya bilan hududiy nizolarga ega o‘lka vakili!) haqiqatan ham josuslik faoliyati bilan shug‘ullanganda edi, Rossiya huquq idoralari uni bir necha soat ushlab turib, osongina qo‘yib yubormagan bo‘lar edi.
Darvoqe, «Kunchiqar o‘lka»dan kelgan «josus jurnalist» haqidagi xabarlar oradan bir oy o‘tib ovoza etilishini qanday izohlash mumkin?
Gap shundaki, joriy yil 25-yanvar kuni Tokioda «Softbank» shirkatining sobiq xodimi Rossiya savdo vakolatxonasi vakillariga maxfiy ma’lumotlarni bergani uchun qo‘lga olindi. Yapon matbuotiga ko‘ra, gumonlanuvchi (mahalliy fuqaro) aybini tan olgan va taqiqlangan ma’lumotlarni sotish orqali mo‘may daromad ko‘rishni ko‘zlaganini bildirgan.
Ushbu ikki hodisa Rossiya va Yaponiya o‘rtasida ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan «josus ovi» hali-hamon to‘xtamaganini anglatadi.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter