Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jimgina tomosha qilish jinoyatga sherik bo‘lish degani» — Faxriddin Altun

«Jimgina tomosha qilish jinoyatga sherik bo‘lish degani» — Faxriddin Altun

Faxriddin Altun.

G‘azo sektorida insoniyat tarixidagi eng sharmandali hodisa ro‘y bermoqda, dedi Turkiya prezidenti devonining Kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun hududda qirg‘inbarot urush kechayotganiga 350 kun to‘lishi munosabati bilan bergan bayonotida.

«350 kundan buyon G‘azo ahli dunyodagi eng shafqatsiz hujumlarni boshdan kechirmoqda. 7-oktyabrdan buyon insoniyat qalblarda ulkan jarohatlar ochgan fojiaga shohid bo‘layotir. G‘azoda bashariyat tarixining eng sharmandali sahifalari bitilmoqda. Shaharlar bombalanmoqda, masjidlar, shifoxonalar va maktablar yer bilan yakson etilmoqda. Begunoh tinch aholi vakillari, jurnalistlar, bolalar va hatto go‘daklar qasddan uyushtirilayotgan tizimli hujumlarga nishon bo‘lmoqda», — deb yozdi Turkiya rasmiysi.

Ma’lumotlarga qaraganda, G‘azo sektorida so‘nggi 11 oy ichida Isroil hujumlari oqibatida 160 ga yaqin OAV xodimi halok bo‘ldi.

«Isroil xalqaro huquqni buzgan holda ishonchli axborot manbalariga qarshi zulm va zo‘ravonlik siyosatini yuritmoqda. Haqiqat yo‘lida faoliyat yuritayotgan, dunyo ahlini mintaqadagi hodisalardan voqif etayotgan jurnalistlar ommaviy ravishda o‘ldirilmoqda», — dedi professor Faxriddin Altun.

Rasmiy Anqara vakili G‘azo fojiasiga tomoshabin bo‘lib turish xunrezlikka sherik bo‘lish bilan barobar ekanidan ogohlantirdi.

«350 kundan buyon to‘xtamayotgan qatliomni jimgina kuzatish ushbu jinoyatga sherik bo‘lish demakdir. Adolat uchun, insoniyat vijdoni uchun, ertangi istiqbol uchun ovozimizni baralla baland qo‘yishimiz va ushbu qirg‘inni to‘xtatish uchun oshig‘ich ravishda amaliy harakatlar qilishimiz kerak», — dedi u.

Isroil harbiylari HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan buyon 41 272 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 95 551 nafari jarohatlandi. Hayotdan bevaqt ko‘z yumganlarning 16 795 nafari bolalar, 11 378 nafari ayollardir.

Bombardimonlar oqibatida vayron bo‘lgan binolar ostida minglab jasadlar qolayotgani aytilmoqda.

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar G‘azo sektoridagi misli ko‘rilmagan qirg‘inni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring