Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jiddada jiddiy yangilik. 75 milliardli loyiha «misli ko‘rilmagan» deb baholanmoqda

Jiddada jiddiy yangilik. 75 milliardli loyiha «misli ko‘rilmagan» deb baholanmoqda

Loyiha ko‘hna Jidda uchun yangi istiqbol darvozasini ochishi kutilmoqda.

Foto: JCP

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon mamlakatning iqtisodiy boshkenti – Jidda shahriga doir yirik loyihani taqdim etdi. «Jidda markaziy loyihasi» (Jeddah Central Project) deb atalgan iqtisodiy dasturga 75 milliard saudiya riyoli (qariyb 20 milliard AQSh dollari) ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Reuters» axborot agentligi xabariga ko‘ra, loyiha doirasida Qizil dengiz sohili bo‘ylab 5,7 million kvadrat metr maydonda xalqaro darajadagi kurort hudud tashkil etiladi.

Ko‘hna Jiddaga yangicha ruh bag‘ishlashi kutilayotgan loyihaga muvofiq, opera teatri, muzey, sport maydoni, okeanarium, 17 ming turarjoy, 2700 xonali mehmonxonalar, restoranlar, savdo majmualari va sohilbo‘yi dam olish maskanlari bunyod etiladi. Bosh tarhni ishlab chiqishda xalqaro miqyosda tajribaga ega 500 ga yaqin muhandis va maslahatchi ishtirok etgan.

Tahlilchilar tomonidan «misli ko‘rilmagan» deb baholanayotgan yangi loyiha Saudiya iqtisodiyotiga 2030 yildayoq 47 milliard riyol miqdorida qo‘shimcha qiymat keltirishi kutilmoqda.

Loyiha developeri – «Jeddah Central Development» shirkati 2019 yilda ta’sis etilagan. Tuzilma direktorlar kengashiga valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning o‘zi raislik qilayotgani esa uning ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. Uch bosqichli loyihaning dastlabki qismi 2027 yilda yakunlanadi.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 2017 yilda 500 milliard dollarli «Neom» loyihasini ham e’lon qilgan. Foto: SPA

Saudiya rasmiy axborot agentligi (SPA) xabariga ko‘ra, Davlat investitsiya jamg‘armasi, xalqaro va mahalliy sarmoyadorlar mablag‘i hisobidan barpo etilajak kurort hududi minglab yangi ish o‘rni yaratib qolmay, mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishga ham hissa qo‘shadi.

Gap shundaki, Saudiya Arabistoni hukumati so‘nggi yillarda asosan energetikaga (neft, gaz) tayangan mamlakat iqtisodiyotini isloh etish, ilg‘or texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlariga asoslangan sanoat yo‘nalishlarini barpo etishga e’tibor qaratmoqda. Bu borada «Nigoh-2030» dasturiy hujjati qabul qilingan.

Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon 2017 yilda ilgari surgan boshqa bir yirik tashabbus – «Neom» loyihasi ham aynan «Nigoh-2030»ning tarkibiy qismlaridan biri sanaladi. Mamlakatning shimoli-g‘arbida barpo etiladigan yangi shahar texnologik va turistik markaz – sahro bag‘ridagi mo‘’jiza bo‘lishi kutilmoqda. Bu maqsadda Davlat investitsiya jamg‘armasidan 500 milliard dollar ajratilishi belgilangan.

«Saudi Gazette» nashri «Jeddah Central Project» loyihaci Jidda uchun yangi istiqbol darvozasini ochadi deb hisoblaydi.

Negaki, loyiha doirasida qadimiy savdo an’analariga ega shaharni zamonaviy texnologiyalarni keng tatbiq etgan holda «aqlli shahar»ga aylantirish maqsad qilingan. Pirovardida esa uni dunyoning eng yaxshi 100 shahri safiga kiritish rejalashtirilgan.

Jiddaning eski shahar qismi Butunjahon meros ro‘yxatiga kiritilgan. Foto: YuNESKO

Jug‘rofiy jihatdan qulay hududda joylashgan Jidda asrlar mobaynida mintaqaning savdo-tijorat markazlaridan bo‘lib kelgan. Manbalarga ko‘ra, shaharning tamal toshi miloddan avvalgi VII asrda qo‘yilgan. 647 yili uchinchi roshid xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Jiddani Haj ziyoratiga keluvchi musulmonlarni qabul qiluvchi asosiy markazga aylantirgan. Shu tariqa  Qizil dengiz bo‘yidagi port shaharning ahamiyati yanada ortgan. O‘zbekistonlik hojilarga ham Jidda shahri tanish va qadrdon. Zero, Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga yo‘l olgan hojilarimiz bu kentda ham qo‘noq bo‘ladilar.

Makka muzofotining boshkenti sanalgan Jiddada zamonaviylik va qadimiylik mujassam. Shaharning tarixiy qismi – Al-Balad YuNESKO tomonidan Butunjahon meros ro‘yxatiga kiritilgan. Eski shaharda 600 ga yaqin tarixiy binolar, ko‘hna masjidu bozorlar saqlanib qolgan. Naqliyot, sayohat va  tijorat beshigi bo‘lgan Jidda endilikda ilg‘or texnologiyalar markaziga ham aylanishi kutilmoqda.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring