Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Japarov Lavrovning «aql o‘rgatishi»ga javob qaytardi

Japarov Lavrovning «aql o‘rgatishi»ga javob qaytardi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Kabar» axborot agentligiga bergan intervyusida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning davlat tili to‘g‘risidagi qonunga nisbatan bildirgan e’tiroziga javob qaytardi.

«Sergey Lavrov qonunni to‘liq o‘qib chiqmagan chog‘i. Unda rus tilini kamsitish haqida biror jumla gap yo‘q. Aksincha, rus tili rasmiy lison sifatida qo‘llanishi qayd etilgan. Bu norma Konstitutsiyada ham mavjud bo‘lib, kelgusida ham saqlanib qoladi”, – deydi Qirg‘iziston rahbari. 

S.Japarovga ko‘ra, xalqaro miqyosdagi muzokaralarda ham rus tilining ahamiyati hamon katta.

«Biz boshqa jihatga urg‘u bermoqdamiz: o‘z tilimizni to‘laqonli rivojlantiraylik. Davlat xizmatchilari, deputatlar yarim rus, yarim qirg‘izcha chiqishlar qilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Hech kim toza rus yoki sof qirg‘iz tilida gapirmayapti. Aralash-quralash lahja! Shunga ko‘ra biz har ikki tilni munosib darajada bilish kerak deb hisoblaymiz. Shu bilan birga, ingliz, fransuz, xitoy va boshqa xorijiy tillarni ham o‘rganish kerak. Qancha ko‘p til bilsangiz, shuncha soz», – deydi S.Japarov.   

Avval xabar berganimizdek, joriy yil may oyida Qirg‘iziston parlamenti davlat tiliga doir konstitutsiyaviy qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qildi.

Unga ko‘ra, qirg‘iz tilini o‘rta (B1) darajada bilmaydigan fuqarolar davlat va mahalliy boshqaruv tizimida ishlashi mumkin emas. Teleradiokompaniyalar o‘z ijodiy mahsulotlarining yarmidan ko‘pini qirg‘iz tilida tayyorlashi kerak. Veb-saytlarning qirg‘iz tilidagi versiyasida boshqa tillardagi versiyalardan kam axborot joylashtirilishi ham mumkin emas.

Konstitutsiyaviy hujjat 17 iyul kuni prezident Sadir Japarov tomonidan imzolanishi ortidan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov unga e’tiroz bildirdi. Markaziy Osiyoda davlat tili qonunchiligiga e’tibor kuchayayotganidan noroziligini yashirmagan Rossiya bosh diplomati Qirg‘izistonda qabul qilingan hujjatni demokratiyaga zid deb yozg‘irgan.

Kuzatuvchilar Kreml vakilining ushbu bayonotini suveren maqomdagi davlat ichki ishlariga aralashuv deya baholagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring