Japarov AQSh senatori aybloviga javob qaytardi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bishkek Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘mak berayotgani haqidagi ayblovga munosabat bildirdi.
Kuni kecha AQSh Senati tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Robert Menendes Qirg‘iziston rahbariga maktub yo‘llab, undan Rossiyaga eksportni qat’iy nazorat qilishni so‘ragani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq qirg‘iz shirkatiga tegishli, Xitoyda ishlab chiqarilgan va Rossiyaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan dronlar Qozog‘istonda to‘xtatib qolingani haqida xabar chiqqan edi.
S.Japarov «Kabar» agentligiga bergan intervyusida shu ikki holatni izohlab, Qirg‘iziston Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘mak berayotgani haqidagi ayblovda zarracha asos yo‘qligini ta’kidlagan.
«Rossiya va Xitoyning kichik hududli Qirg‘izistonga qarab qolgan joyi yo‘q. Bu ikki mamlakat shundoq ham qo‘shni sanaladi. Ular 4 ming kilometrlik umumiy chegaraga ega. Agar Rossiya xohlasa, vagon-vagon yoki dengiz orqali kema-kema mahsulot olishi mumkin. Ha, Qirg‘iziston kompaniyasiga tegishli dronlar Qozog‘istonda to‘xtatib qolingani rost. Kompaniyaning izohiga ko‘ra, dronlar qishloq xo‘jaligi ehtiyoji uchun ishlatishga mo‘ljallangan. Ammo, shunga qaramay, biz dronlar va uchuvchisiz parvoz qiladigan qurilmalarni taqiqlamoqdamiz», – deydi S.Japarov.
Qirg‘iziston rahbari amerikalik siyosatchi Robert Menendesning maktubini «o‘z tomoniga tortish uchun bosim» deb baholagan.
«Biz – mustaqil mamlakatmiz. Biz kelgusida ham barcha mamlakatlar bilan tenglik asosida munosabat olib boramiz, ko‘p vektorlik tashqi siyosat yuritamiz. Rossiya va Ukraina masalasida avval-boshdan betaraf pozitsiyani tutib kelyapmiz. Kelgusida ham shu pozitsiyada qolamiz. Qolaversa, pozitsiyamizni o‘zgartiramizmi-yo‘qmi, vaziyat biror bir tomon foydasiga o‘zgarib qolmaydi. Bu bizga bog‘liq emas. Biz siyosat bilan shug‘ullanayotganimiz yo‘q, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga urg‘u beryapmiz. Bizni bezovta qilmasinlar. Vassalom!» – deya javob qaytargan Qirg‘iziston prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, AQSh Senati tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi R.Menendes 8 avgust kuni prezident S.Japarovga yo‘llagan maktubida Qirg‘iziston hukumatini Ukraina bosqinidan keyin Rossiya Federatsiyasiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘mak ko‘rsatishda ayblagan edi.
Bishkek Moskvaning G‘arb sanksiyalaridan bo‘yin tovlashiga tomoshabin bo‘lib turganini qayd etgan senator mamlakat rahbariyatidan Rossiya bilan noqonuniy savdoga chek qo‘yishni talab qilgan.
Maktubda, shuningdek, Qirg‘izistonda demokratik institutlar zaiflashuvi, jurnalistlar huquqlari buzilishi, fuqarolik jamiyati faoliyati cheklanishi kabi salbiy tendensiyalar ham tanqid qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter