«Izzatini bilmagan mehmon»: Navalniy nemislarning g‘ashiga tegmoqda
Germaniyada chop etiluvchi «Süddeutsche Zeitung» gazetasi Aleksey Navalniyning quyushqondan chiqib ketayotganidan norozi nemis fuqarolarining xatlarini e’lon qildi.
Bu yerda gap Navalniyning sobiq kansler Gerxard Shryoderga munosabati haqida ketmoqda. Navalniy nemis siyosatchisini Rossiya hukumatidan xufiyona pul olib turganlikda ayblagan, qolaversa, uni qotillar himoyachisi Putinning yugurdagi degandi.
Hozir Germaniyada davolanayotgan rus muxolifatchisi mehmondo‘stlik hurmatini buzgani o‘quvchilardan birini ranjitgan. «Mamlakatimiz mehmoni bo‘la turib, nazarimda, ichki siyosatimizga aralashishga uning haqqi yo‘q», — deb yozdi Volfgang Xayns.
Boshqa bir mushtariy Shryoderni Germaniya iqtisodiyotini rivojlantirishga va uning manfaatlarini himoya qilishga beqiyos hissa qo‘shgan yetakchilardan biri deb hisoblashini ma’lum qilgan. Yana bir o‘quvchini esa Germaniya hukumati indamay Navalniyning «og‘ziga qarab o‘tirishi» ajablantirgan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navlniy 20-avgust kuni samolyotda parvoz qilayotganida salomatligi yomonlashgandi. Avvaliga Omskdagi shifoxonaga yotqizildi, keyin davolash uchun Germaniyaga olib ketildi. Nemis shifokorlari u «Novichok»dan zaharlangan degan xulosa bergach, G‘arb mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat yanada keskinlashdi. Navalniyga esa davolanish tugagach, 23-sentyabr kuni «Charite» shifoxonasidan javob berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter