Istanbuldagi fojia ortidan Turkiya terrorchilarga qarshi amaliyot o‘tkazdi
Turkiya Qurolli kuchlari 20 noyabr tunida Iroq va Suriya shimolidagi terrorchilar bazalarini yo‘q qilish maqsadida «Panja Qilich» (Pençe Kiliç) havo operatsiyasini o‘tkazdi. Harbiy amaliyot prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on farmoyishiga ko‘ra uyushtirilgan.
Turkiya milliy mudofaa vazirligiga ko‘ra, havo amaliyoti davomida qo‘poruvchilik xurujlarini uyushtirishda baza sifatida foydalanilgan ob’yektlar nishonga olingan. PKK hamda YPG terror guruhlarini zararsizlantirish, chegara xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan operatsiya BMT Nizomining 51-moddasiga ko‘ra, mudofaa maqsadida o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, jangarilar bazalariga berilgan aviazarbalarda 89 ta nishon, jumladan, boshpana va o‘q-dori ombori yo‘q qilingan.
Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun «Panja Qilich» amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qilar ekan, rasmiy Anqara terrorizmni ildizi bilan yo‘q qilish niyatida ekanini urg‘ulagan.
Ushbu harbiy amaliyot joriy yil 13 noyabr Istanbulning Istiqlol ko‘chasida uyushitirilgan qo‘poruvchilik harakatiga javoban o‘tkazilgan. Gavjum ko‘chada amalga oshirilgan portlash oqibatida 6 kishi vafot etgan, 81 kishi yaralangan.
14 noyabr kuni Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu bombani qoldirib ketgan shaxs politsiya tomonidan qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
IIVga ko‘ra, tergovda hujum izlari Suriyaga olib borishini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud. Buyruq Kobanidan (Suriya shimolidagi shahar), hujumni uyushtirgan shaxs esa Afrindan (Suriya shimoli-g‘arbidagi shahar) kelgan bo‘lishi mumkin.
Tergov idorasi portlash PYD – Demokratik ittifoq partiyasi (Kurdiston ishchi partiyasi terror tashkilotining Suriyadagi shu’basi) tomonidan uyushtirilganini aytmoqda.
Turkiya rahbariyati ko‘pdan buyon PKK, PYD va YPG guruhlari mamlakat va mintaqa tinchligiga tahdid solayotganini aytib keladi.
PKK (Kurdiston ishchi partiyasi) mamlakatda va xorijda yuzlab begunoh inson hayotiga zomin bo‘lgan. Boshboshdoqlik hukm surayotgan Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh kattagina hududini PYD (Demokratik ittifoq partiyasi), YPG (Xalq mudofaasi otryadlari) egallagan. Rasmiy Anqara PKK tashkilotining qo‘sh qanoti sanalgan mazkur ikki guruhni xavfsizlikka jiddiy tahdid deb biladi.
Avvalroq Turkiya prezidenti devoni rasmiy vakili Istanbuldagi portlashga xorijiy davlatlar qo‘llab-quvvatlayotgan jinoiy guruhlar aloqador ekanini aytgan edi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya qurolli kuchlari «Panja» (Pençe) shartli nomi ostidagi harbiy operatsiyalar davomida so‘nggi uch yilda 1441 nafar jangarini yo‘q qilgan.
Turk harbiylari bunga qadar Suriyada «Furot qalqoni» (2016-2017), «Zaytun novdasi» (2018), «Tinchlik bulog‘i» (2019) nomli harbiy amaliyotlar ham o‘tkazgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter