Isroilning Livandagi maxfiy amaliyoti tafsilotlari ochiqlandi
Yaqin Sharqdagi hodisalarni yoritishga ixtisoslashgan «Al Monitor» nashri 17 sentyabr kuni Isroil maxsus xizmati – «Mossad» tomonidan amalga oshirilgan maxfiy amaliyotga doir tafsilotlarni ochiqladi.
Avval xabar berganimizdek, Livan bo‘ylab bir paytda uyushtirilgan peyjer portlashlari natijasida minglab kishi jarohatlangan, o‘ndan ziyod kishi halok bo‘lgan.
«Al Monitor» Yaqin Sharqdagi razvedka xizmatlariga tayanib yozishicha, Isroil maxsus xizmati «Hizbulloh» harakati Tayvan shirkatidan sotib olgan peyjerlarni mahsulot buyurtmachiga yetib borgunga qadar bo‘lgan jarayonda minalashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Isroil, aslida, peyjerlarni «Hizbulloh» harakati bilan to‘laqonli urush boshlangan paytida raqibni sarosima va qo‘rquvga solish maqsadida ommaviy ravishda portlatishni rejalashtirgan edi. Bu orada «Hizbulloh» harakatining ikki a’zosi peyjerlardagi shubhali holatlarni sezib qolgan va bu haqda o‘z rahbariyatiga ma’lum qilmoqchi bo‘lgan. Bundan xabar topgan Isroil ayg‘oqchilik xizmati oshig‘ich ravishda peyjerlarni portlatgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 30-iyul kuni Isroil armiyasi Bayrut shahriga bergan raketa zarbasida «Hizbulloh» harakatining qo‘mondonlaridan biri Fuad Shukr ham o‘ldirilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, «Hizbulloh» yangi peyjerlar partiyasini bahorda Tayvanning «Gold Apollo» shirkatidan sotib olgan.
«Sky News Arabia» talqiniga ko‘ra, «Mossad» xodimlari peyjerlar akkumulyatori haroratini oshirish orqali portlashlarni amalga oshirgan.
Ushbu terakt qurbonlari soni ortib bormoqda. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi 11 kishi halok bo‘lgani, 4 ming kishi jarohatlangani haqida ma’lumot berdi.
Halok bo‘lganlar orasida 8 yoshli qizcha ham bor.
Peyjerlar portlashi oqibatida Eronning Livandagi elchisi ham jarohatlangan. Ayrim nashrlar diplomat ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘lgani haqida yozmoqda.
«Hizbulloh» harakati Isroilga munosib javob va’da qilgan.
«Bu bir, ikki yoki uch shaxs xavfsizligiga daxl etuvchi hujum emas, balki butun bir millatga qarshi yo‘naltirilgan hujumdir», – degan harakatning yuqori martabali vakili Husayn Xalil.
Tahlilchilar Tel-Avivning ushbu amaliyotini Livan bilan to‘laqonli urush boshlash va unga AQShni ham tortishga urinish deb baholamoqda. Xususan, tahlilchi Mixail Magid kechagi hodisani «Hizbulloh» harakati uchun 11-sentyabr voqealari bilan barobar ekanini ta’kidlaydi.
«Ko‘zlangan maqsadlardan biri Eronni ham urushga tortish va shu orqali AQShni Isroilga ko‘makka kelishga majburlashdir. Bundan tashqari, Netanyahu urush to‘xtovsiz davom etishidan manfaatdor. Chunki urush tugagan taqdirda, Isroil an’analariga ko‘ra, Netanyahu 7-oktyabr kungi no‘noqligi sabab so‘roq-savolga tutila boshlaydi. U iste’foga chiqadi, Oliy sud uni korrupsiyada ayblayotgani inobatga olinsa, qamalishi ham mumkin», – deydi Mixail Magid.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Rossiya Livandagi peyjerlarning portlatilishi oqibatida minglab odamlar jarohatlanganini terrorizm va gibrid urushi akti sifatida keskin qoralagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter