Isroilning BMTga a’zoligini vaqtincha to‘xtatish taklif etildi
BMTning Falastinda inson huquqlari masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Francheska Albaneze Isroilning BMTdagi a’zoligini vaqtincha to‘xtatish taklifi bilan chiqdi.
Maxsus vakilga ko‘ra, ayni paytda nafaqat G‘azoda, balki Isroil okkupatsiyasi ostidagi G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ham falastinliklar zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. Falastin yerlarida kuzatilayotgan holat esa etnik tozalash va ayirmachilik siyosati deb baholanmoqda.
«Xalqaro huquqni buzishni bas qilib, okkupatsiyani to‘xtatmaguncha qadar Isroilning BMTdagi a’zoligini qayta ko‘rib chiqish yoki muvaqqat ravishda to‘xtatib turishni tavsiya qilaman», – dedi F.Albaneze.
Ta’kidlanishicha, Isroilning falastinliklarga nisbatan xalqaro siyosatni buzgan holda amalga oshirayotgan zo‘ravonliklari genotsid hisoblanadi.
Maxsus ma’ruzachiga ko‘ra, Isroil Xalqaro sud qaroriga bo‘ysungan holda qurolli kuchlarini Falastinning ishg‘ol ostidagi hududlaridan olib chiqishi, kelgindilar manzilgohlarini yo‘q qilishi, Falastinga tegishli tabiiy boyliklardan foydalanishni to‘xtatishi va ularga tovon to‘lashi kerak.
Francheska Albaneze BMTga a’zo davlatlarga Isroilni irqchilik va ayirmachilik siyosatini yuritayotgan davlat deb topishni tavsiya qilgan. Xalqaro jinoiy sud prokuroriga esa Tel-Aviv tomonidan sodir etilayotgan genotsid harakatlarini tekshirish lozimligi eslatilgan.
BMT maxsus ma’ruzachisi F.Albaneze xalqaro huquqqa zid harakatlaridan ko‘z yumgan holda Isroilni so‘zsiz dastaklab kelayotgan G‘arb davlatlarini ham tanqid qilgan.
Bir muddat oldin e’lon qilingan BMTning xalqaro mustaqil komissiyasi hisobotida ham Isroil G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda falastinliklarga nisbatan qasddan qotilliklar, harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etayotgani haqida bong urilgan edi.
Joriy yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.
Darvoqe, Isroil hukumati bir necha hafta avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni «persona non grata» deb e’lon qilgan va uning yahudiy davlati hududiga kirishini man etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter