Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil vaziridan yana bir beo‘xshov taklif

Isroil vaziridan yana bir beo‘xshov taklif

Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu musulmonlarning muqaddas Ramazon oyini bekor qilish taklifi bilan chiqdi.

«Ramazon deb atalgan oy bekor qilinishi va ushbu oy qarshisidagi qo‘rquvimiz barham topishi kerak», – degan o‘ta o‘ng yo‘nalishga mansub siyosatchi radioga bergan intervyusida.

Amixay Eliyahu 2023 yil noyabr oyida G‘azo sektoriga ommaviy qirg‘in quroli sanalgan atom bombasini tashlash tashabbusini ham ilgari surgandi. Bu taklif so‘nggi kunlarda Isroilning xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlarini tashvish bilan kuzatib borayotgan dunyo hamjamiyatini yanada kuchli xavotirga solgan.

Falastinga nisbatan keskin dushmanligi bilan tanilgan vazir Eliyahu bir muddat avval G‘azoni besoqolbozlikka mukkasidan ketgani cabab la’natga uchragan Sadum shahriga muqoyasa etib, uni butunlay yo‘q qilishga ham chaqirgan.

Isroil hukumati vakilining Ramazonga qarshi bayonoti muqaddas oy yaqinlashayotgan pallada yangramoqda.

Fevral oyi o‘rtalarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning Ramazon oyida musulmonlarning Al-Aqso masjidiga kirishini cheklash bo‘yicha tavsiyalarini qabul qilgani ma’lum bo‘lgan edi.

Xabarda aytilishicha, bosh vazir Ichki xavfsizlik agentligining ushbu qaror falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishiga e’tibor qaratmagan.

G‘azodagi urushda halok bo‘lgan falastinliklar soni 30 mingdan oshib ketgan bir pallada AQSh ma’muriyati Tel-Avivdan Ramazonga qadar HAMAS bilan sulhga kelishishni talab qilayotgani aytilmoqda.

Avvalroq Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azoning ikki milliondan ziyod aholisini surgun qilib, hududni egallash haqida bayonot bergandi. Xalqaro huquq va insoniylikka zid bu da’volar Isroilning G‘arbdagi yaqin ittifoqchilari tomonidan ham rad etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring