Hindiston siyosiy maydonida Iosif Stalin paydo bo‘ldi
Hindistonlik siyosatchi Iosif Stalin Hindistonning Tamilnadu shtati hukumati tepasiga kelishga juda yaqin turibdi. Bu haqda «The Daily Mail» yozmoqda.
Ekzit-pollar u yetakchilik qilayotgan «Dravida Munnetra Kajagam» (DMK) partiyasi ta’qibchilarini katta farq bilan ortda qoldirib ketganini ko‘rsatmoqda.
Iosif Stalin — hindistonlik siyosatchining haqiqiy ismi, otasi, «so‘l qanot» to‘rt karra bosh vazir M.Karunanidi sovet diktatori Stalinga havas qilib shu nomni qo‘ygan.
Haqiqiy Stalinning o‘limidan bir necha kun avval, 1953-yilda tug‘ilgan hind Stalini — haqiqiy demokrat, 1989-yil Rossiyaga borganida ismi ayrim noqulayliklarga sabab bo‘lganini «Times of India» gazetasiga bergan intervyusida yashirib o‘tirmadi:
«Rossiya aeroportiga qo‘nishimiz bilan ismimni aytishimni so‘rashdi. «Stalin», desam, aeroportdagi ko‘plar men tomonga qaray boshladi. Pasportimni tekshirayotgan amaldorlar o‘tkazib yuborishdan avval bir nechta savollar berishdi».
Xullas, Sovet Ittifoqida Stalinni ko‘pchilik xushlamasligi hindistonlik adashiga sir emas.
Xuddi Kerala, Assam, G‘arbiy Bengaliya shtatlaridagi kabi, Tamilnadudagi saylov natijalari ham ertaga, yakshanba kuni e’lon qilinishi kerak.
Hindistonlik demokrat — o‘zidan nomi mashhur yagona siyosatchi emas. Yaqinda Namibiyadagi hududiy saylovlarda qatnashgan Adolf Gitler Uunona ham «xalqaro yulduz»ga aylanib ketgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter