Iordaniya qiroli va Marokash qiroli Quddus va Jo‘lon tepaliklari bo‘yicha bayonot berdi
Iordaniya qiroli Abdalla II va Marokash qiroli Muhammad VI 28 mart sanasida Quddusning tarixiy qiyofasi va undagi muqaddas joylar ahamiyati haqida qo‘shma bayonot berdi. Shu bilan birgalikda AQSh tomonidan Jo‘lon tepaliklari borasida chiqarilgan qarorning noqonuniy ekani ta’kidlangan.
«Iordaniya qiroli Abdalla II va Marokash qiroli Muhammad VI birgalikda bayonot berishadiki, Quddus va uning muqaddas dargohlarining tarixiy, qonuniy va siyosiy mavqeini o‘zgartirishga bo‘lgan har qanday urinishdan asrash, shu bilan birgalikda uning diniy, tarixiy, islomiy va nasroniy qadriyatlarini himoyalash har ikki davlatning birinchi darajali vazifasi hisoblanadi», — deyiladi Iordaniya qiroli ma’muriyati tomonidan berilgan bayonotda.
Shuningdek har ikki qirol Suriyadagi inqirozni siyosiy yo‘l bartaraf etishda butun arab olami ishtiroki shart ekanini ta’kidlab o‘tishgan. Bayonotda shuningdek Jo‘lon tepaliklari ham yodga olingan.
«Xalqaro qonunga ko‘ra, Jo‘lon Suriyaga tegishli xudud hisoblanadi va u Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan. Bosib olingan Jo‘lon tepaliklari Isroilga tegishli ekani borasida qilingan bayonot esa noqonuniy hisoblanadi, xalqaro huquqni va ayniqsa BMT rezolyusiyasini buzishdir», — deyiladi bayonotda.
Ushbu qo‘shma bayonot Iordaniya va Marokash qirollarining Arab davlatlari Ligasi doirasida Tunisga qilingan tashrif chog‘ida amalga oshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter