Indoneziyada ham koronavirus mutatsiyaga uchradi va tezroq yuqmoqda
Indoneziya olimlari mamlakatda yangi koronavirusning o‘zgargan shtammini aniqlashdi, ilmiy doiralarda uni «Mutatsiya D614G» deb atashmoqda. Bu haqda mahalliy «The Star» nashri bugun, 31 avgust kuni xabar tarqatdi.
«Mavjud ma’lumotga ko‘ra, o‘zgarishga uchragan virus mamlakatdagi kasallarning 40 foizida aniqlangan», — dedi Jakartadagi Eykman nomidagi Molekulyar biologiya instituti rahbari Amin Soyebandrio.
Mutatsiyaga uchragan virus haqida yanada aniqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar olib borilyapti.
Ekspert «Mutatsiya D614G» holatidagi virus yuqishi tezroq kechayotganini, biroq uning og‘irroq kechishi haqidagi taxminlar hozircha isbotlanmaganini ta’kidladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti fevral oyida Yevropa, Meksika, Braziliya, shuningdek, Xitoyning Uxan shahrida mutatsiyaga uchragan virus aniqlanganini qayd etgandi. Ikki hafta avval esa Filippinda o‘zgargan shtamm topilgani olimlar tomonidan tasdiqlandi.
Indoneziyada ayni paytga kelib koronavirusni yuqtirish holatlari 172 mingdan oshdi. 7,3 mingdan ortiq bemorlar vafot etgan. Oxirgi bir necha kundan beri kasallanish holatlari keskin ko‘paygan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter