Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ilhom Aliyev daraksiz yo‘qolgan Ozarbayjon fuqarolari haqida ma’lumot talab qildi

Ilhom Aliyev daraksiz yo‘qolgan Ozarbayjon fuqarolari haqida ma’lumot talab qildi

Foto: President.az

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Armanistondan Qorabog‘ urushi davrida daraksiz yo‘qolgan fuqarolar haqida ma’lumot talab qildi. Bu haqda u Ostona shahrida tashkil etilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning  VI sammitidagi chiqishida gapirgan.

«Armaniston Ozarbayjonga daraksiz yo‘qolganlarning qismati va ommaviy qabrlarning aniq joyi haqida ma’lumot taqdim etishi kerak. Biz ikki yildan beri bu ma’lumotlarni talab qilamiz, ammo Armaniston hukumati ularni berishdan bosh tortmoqda», – degan I.Aliyev.

Qayd etilishicha, birinchi Qorabog‘ urushidan buyon 3900 ga yaqin Ozarbayjon fuqarosi daraksiz yo‘qolgan. Ularning aksari ommaviy qabrlarga ko‘mib yuborilgani taxmin qilinadi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 4-oktyabr kuni Qorabog‘ mintaqasida – Xo‘javand tumani Edilli qishlog‘ida ommaviy qabrlar topildi. Jasadlar birinchi Qorabog‘ urushi davrida (1990-yillar boshida) bedarak yo‘qolgan va taqdiri hozircha noma’lum bo‘lgan Ozarbayjon vatandoshlariga tegishli ekani taxmin qilinmoqda.

I.Aliyevga ko‘ra, Ozarbayjon dunyoning eng ko‘p mina qo‘yilgan mamlakatlari sirasiga kiradi. Okkupatsiya davrida mamlakat hududiga bir milliondan ziyod mina qo‘yilgan.

«Ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunidan keyingi ikki yil davomida Ozarbayjonning 250 nafar fuqarosi mina portlashidan vafot etdi yoki og‘ir jarohatlandi. Xalqaro mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, Ozarbayjonga minalarni tozalash masalasini hal etish uchun qariyb 30 yil va 25 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi», – dedi Ozarbayjon prezidenti.

Keyingi oylarda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Sharl Mishel vositachiligida Bryusselda tinchlik bitimi yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.

I.Aliyev Ostona sammitidagi chiqishida ham tinchlik bo‘yicha bitim muhim ekanini eslatib o‘tgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring