IHT Ozarbayjondagi tarixiy obidalar xususida rezolyusiya qabul qildi

Pokiston poytaxti Islomobod shahrida 22-23 mart kunlari o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari mashvarati yakunida bir qator muhim hujjatlar qabul qilindi. «Trend» agentligi xabariga ko‘ra, ular orasida Ozarbayjon hududidagi tarixiy-madaniy obidalarga doir rezolyusiya ham bor.
IHT hujjatida Ozarbayjonning 30 yil davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlaridagi tarixiy-madaniy obidalar, islomiy qadamjolar vayron etilgani qoralanadi. Bu borada rasmiy Bokuning Armanistondan tovon puli undirishi huquqi ma’qullanadi.
Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov 2021 yil noyabr oyida YuNESKO yig‘ilishida Qorabog‘ mintaqasidagi yuzlab tarixiy-madaniy, jumladan, 65 ta masjid vayron qilingani haqida gapirgan edi.
Qayd etish o‘rinliki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021 yil mart oyida Turkiy kengash sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan edi.
Islom hamkorlik tashkiloti 1969 yilda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda birdamlikni ta’minlash, mustamlamkachilik va irqchilikka qarshi kurash maqsadida ta’sis etilgan. Qarorgohi Jidda (Saudiya Arabistoni) shahrida joylashgan tashkilot 57 mamlakatni mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashtirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter