Human Rights Watch G‘arb davlatlariga keskin ayb qo‘ydi
Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti AQSh va Yevropa mamlakatlari Falastin–Isroil ziddiyati borasida ikkiyuzlamachilik qilayotgani haqida bayonot berdi.
«Xalqaro gumanitar huquq istisnosiz barcha davlatlarga tatbiq etiladi. Bu qonun-qoidalarning birov tomonidan buzilishi boshqalarning ham buzishi uchun oqlov bo‘la olmaydi. Tinch aholini himoya qilish bo‘yicha xalqaro gumanitar huquq talablari barchaga taalluqli: tinch aholiga qasddan, yoppasiga hujum qilmang, ularni garovga olmang, ayrim shaxslarning xatti-harakati uchun tinch aholini jazolamang, gumanitar ko‘mak tarqatilishiga to‘sqinlik qilmang!» – deydi HRW’ning dasturlar bo‘yicha rahbari o‘rinbosari Tom Porteus.
Qayd etilishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqini masalasida Qo‘shma Shtatlar va Yevropa mamlakatlari tinch aholi o‘qqa tutilishi, noqonuniy qatllar, aholini elektr energiya va suvdan mahrum etish, qiynoqlar kabi xalqaro gumanitar huquq buzilishlarini haqli ravishda qoralab, buning uchun Rossiya javob berishi kerakligini talab qildi.
Tom Porteusga ko‘ra, 7 oktyabr kuni HAMAS guruhi Isroilga hujum uyushtirib, odamlar o‘limiga sabab bo‘lgani va qariyb 200 kishini garovga olganida ham G‘arb davlatlari tezkorlik bilan va adolatli tarzda uni qoraladi.
«Ammo Vashington hamda ayrimlarini istisno qilganda aksar Yevropa mamlakatlari Isroil 7 oktyabrdan keyin G‘azoda amalga oshirayotgan ishlardan bexabar go‘yo. 16 yildan buyon qamalda yashayotgan G‘azo sektori aholisi jamoaviy tarzda jazolanayotgani, bu bilan harbiy jinoyatga qo‘l urilayotgani nega keskin tarzda qoralanmayapti? Isroil siyosiy yetakchilari G‘azodagi tinch aholi va qurolli shaxslar o‘rtasida farqni rad etib, aholi zich yashovchi hududni muttasil bombalab, daha va mavzelarni kultepaga aylantirmoqda. Qani bunga e’tiroz?! Javobgarlik masalasini qo‘yaturaylik, nega (G‘arb davlatlari) Isroilni G‘azo sektoriga hujum payti xalqaro huquqni himoya qilishga ochiq da’vat etmayapti?!» – deya jiddiy savollar qo‘yadi HRW vakili.
Xalqaro tashkilot vakili G‘arb davlatlarining ochiq-oshkora ikkiyuzlamachiligi butun dunyoda tinch aholi vakillarini himoya qilishga qaratilgan umum e’tirof etilgan me’yorlarni ishlab chiqish yo‘lidagi urinishlarni yo‘qqa chiqarishidan ogohlantirgan.
Ta’kidlanishicha, agar G‘arb davlatlari o‘zlari hamisha bayroq qilgan inson huquqlariga chindan ham sodiq bo‘lsa, Isroilning G‘azodagi harbiy jinoyatlariga ham qarshi chiqishi shart.
HAMASga qarshi urush ochgan Isroil ayni paytda 2,3 million nufusli G‘azoni butunlay qamalga olgan. Hudud aholisi suv, oziq-ovqat, elektr energiya, dori-darmondan mahrum qilingan. Misrning Rafah chegara punkti orqali mintaqaga gumanitar ko‘mak olib kirish yo‘lidagi urinishlar samara berganicha yo‘q.
BMT G‘azoda gumanitar falokat yuzaga kelgani haqida bong urmoqda.
Human Rights Watch ham Isroildan noinsoniy qamalni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter