Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindiston Rossiyaning iltimosini rad etdi

Hindiston Rossiyaning iltimosini rad etdi

Foto: Kremlin.ru

Hindiston Rossiyaning iltimosini rad etgan holda Ukrainaga artilleriya o‘q-dorilarini yetkazishda davom etmoqda, deb xabar berdi Reuters agentligi.

Hind davlat korxonalari Ukrainaga o‘q-dori ishlab chiqarishda qatnashmoqda. O‘q-dori Kiyevga Chexiya, Italiya kabi Yevropa mamlakatlari orqali yetkazilmoqda. Hindiston Ukrainaga Ispaniya va Sloveniya orqali snaryad ishlab chiqarish uchun komponentlarni yetkazishi ham kutilmoqda.

Ukrainaga hind o‘q-dorilari yetkazilishi Moskva tomonidan xavotir bilan qarshilangan. Xususan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hind hamkasbi bilan muzokaralarda o‘q-dori yetkazishni to‘xtatishni so‘ragan. Ammo bu iltimos rad etilgani aytilmoqda.

Urush qizigan bir paytda Rossiya ham, Ukraina ham artilleriya o‘q-dorilari yetishmasligidan qiynalmoqda. 

Moskva qurol-aslaha va o‘q-dori borasida Shimoliy Koreya va Eron, Ukraina esa G‘arb ko‘magiga suyanmoqda.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan dastlabki oylarda Hindiston betaraf maqomda turishga uringan. Ham Vashington, ham Moskva bilan strategik hamkorlikka ega mamlakat G‘arb bosimiga qaramay, Rossiya tajovuzini qoralashdan tiyilgan. Ekspertlar Dehli ma’muriyatining bu boradagi siyosatini «ikki kemaning uchini tutish» deb baholagan. 

Keyingi vaqtlarda Hindistonning Ukraina urushi borasidagi pozitsiyasi o‘zgardi. Dehli Moskvani qurolli ziddiyatni muloqot yo‘li bilan hal etishga chaqira boshladi. Xususan, bosh vazir Narendra Modi 2023 yil iyun oyida «The Wall Street Journal» nashriga bergan intervyusida Dehli hukumati Ukraina masalasida betaraf emasligini ta’kidladi.

«Ayrimlar bizni betaraf deb hisoblaydi. Yo‘q, unday emas. Biz tinchlik tomonidamiz. Barcha mamlakatlar xalqaro huquq va davlat suverenitetini hurmat qilishi shart», – deya mohiyat e’tiboriga ko‘ra Kremlning bosqinchilik urushini qoralagan Modi.

Hindiston fuqarolari Rossiya tomonidan aldov yo‘li bilan urushga jalb etilgani ma’lum bo‘lgach, ikki davlat o‘rtasida diplomatik taranglik ham yuzaga keldi.

Bu masala prezident Vladimir Putin va bosh vazir Narendra Modining joriy yil 8 iyul kuni Moskvadagi uchrashuvida ham muhokama qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring