Haydar Aliyevning eng katta orzusi nima bo‘lgan edi?
Bugun Ozarbayjonda umummilliy yetakchi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi nishonlanmoqda. 1923 yilning 10 mayida tavallud topgan siyosatchi mustaqil Ozarbayjon davlati tarixida muhim o‘rin tutadi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 100 yillik sana munosabati bilan 2020 yilda chorak asrlik ishg‘oldan ozod etilgan Shusha shahridan murojaat yo‘llagan.
«Qutlovni Bokudan yo‘llashim mumkin edi. Ammo men bugun shu yerda, Shusha shahrida, ushbu bino yonida bo‘lishni to‘g‘ri deb bildim. Shusha – g‘alabamiz ramzi, zafarimiz gultojidir. Dovyurak ozarbayjon harbiylari ayni shu maydonda menga Shusha ozod etilgani haqida bildirgi bergan, ushbu bino uzra Ozarbayjon bayrog‘i ko‘tarilgan», – deydi Ozarbayjon rahbari.
Ilhom Aliyev otasi Haydar Aliyevning eng katta orzusi nima bo‘lganini ham ochiqlagan.
«Buyuk yetakchi Haydar Aliyevning eng katta orzusi Shusha, Qorabog‘ va Zangezurni ozod ko‘rmoq edi. Biz uning, ozarbayjon xalqining va butun dunyodagi millatdoshlarimizning orzusini ro‘yobga chiqardik», – deydi u.
Qayd etilishicha, mustaqil Ozarbayjon davlatchiligi qurilishi, zamonaviy siyosiy tartibot shakllanishi va mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot yo‘li uning nomi bilan bog‘liq.
«Haydar Aliyevning mustaqil Ozarbayjon prezidenti sifatidagi xizmatlari beqiyos. Bugun Ozarbayjon u boshlab bergan yo‘ldan ketmoqda. Uning faoliyati iqtisodiy islohotlar bilan cheklanmaydi. U mamlakatning milliy-ma’naviy qadriyatlarini saqlab qolishda ham muhim rol o‘ynagan», – deydi I.Aliyev.
Haydar Aliyev sovet tuzumi davrida uzoq yillar yuqori rahbar lavozimlarda ishlagan, jumladan, Ozarbayjonni idora etgan. 1993–2003 yillarda esa mustaqil Ozarbayjon prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 2003 yildan buyon Ozarbayjon prezidenti lavozimida marhum H.Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyev faoliyat yuritib kelmoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, H.Aliyev hokimiyatga kelgach, milliy uyg‘onish va mustaqillik harakati qat’iy tus olgan, zamonaviy davlatchilik poydevori qo‘yilgan va mustahkamlangan. U 1994 yilda xorij energetika shirkatlari bilan neft konlariga doir «Asr shartnomasi» deb atalgan bitim imzolab, mamlakatni iqtisodiy taraqqiyot sari boshlagan.
O‘zbek xalqining yaqin do‘sti bo‘lgan Haydar Aliyev yurtimizga bir necha bor tashrif buyurgan. Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy rishtalar va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan.
Bunga o‘ziga xos ehtirom sifatida siyosatchining xotirasi yurtimizda ham e’zozlab kelinmoqda. Toshkentda H.Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. Poytaxtimizda marhum davlat arbobi nomidagi ko‘cha va xiyobon ochilgan.
Avval xabar berganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil mart oyida Bokuga tashrifi davomida Faxr xiyoboniga tashrif buyurib, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi xotirasiga hurmat bajo keltirgan.
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ham o‘z davrida ozarbayjonlik hamkasbining siyosiy yetakchilik qobiliyatiga yuqori baho bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter