Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

HAMAS yetakchisi uzoq jimlikdan so‘ng ommaviy bayonot bilan chiqdi

HAMAS yetakchisi uzoq jimlikdan so‘ng ommaviy bayonot bilan chiqdi

HAMAS rahbari Yahyo Sinvar 7-oktyabrdan beri ilk bor Isroilga qarshi urush borasida bayonot bilan chiqdi. Bir necha arab nashrlari tomonidan chop etilgan bayonotda Sinvar HAMAS ishtirokidagi «shafqatsiz va misli ko‘rilmagan jang» haqida gapirgan.

«Bugun biz Isroilga qarshi qattiq va misli ko‘rilmagan jang olib bormoqdamiz va biz hech qachon bosib olish shartlariga bo‘ysunmaymiz», – deydi u G‘azo siyosiy rahbariyatiga murojaatida.

Isroil harbiylari G‘azoda harbiy amaliyotlar o‘tkazayotganiga qaramay, Sinvar HAMAS dushman armiyasini yo‘q qilish yo‘liga o‘tganini aytadi va mingdan ortiq isroillik askar o‘ldirilganini,  yuzlab harbiy texnika yo‘q qilinganini bildiradi.

«Urush paytida al-Qassam batalonlari kamida 5 ming isroillik askar va zobitga hujum qildi. Ularning uchdan bir qismi halok bo‘ldi, yana uchdan bir qismi og‘ir yaralandi, oxirgi uchdan bir qismi esa jang maydoniga qaytmaydigan darajada nogiron bo‘lib qoldi. Harbiy mashinalarga kelsak, ularning 750 tasi to‘liq yoki qisman yo‘q qilindi», – degan u.

Isroil tomoni esa, o‘z navbatida, rasman 150 ta askarini yo‘qotganini xabar qilgan.

Wall Street Journal nashrining isroillik yuqori martabali harbiy amaldorga tayanib xabar qilishicha, HAMAS hozirda harbiy taktikasini o‘zgartirishga harakat qilyapti. Harakat a’zolari hozirda atigi ikki-besh nafar jangchidan iborat kichik guruhlarda harakat qilib, SAXAL askarlariga hujum uyushtirib, so‘ng G‘azo tunnellariga yashirinmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring