Gurbanguli Berdimuhamedov hayvonlar uchun mehmonxona qurdi va kuchuk bolasiga atab she’r yozdi (foto)

Turkmanistonning Ahal viloyatining Anau shahrida 7 may kuni uy hayvonlarini saqlash majmuasi (zoomehmonxona) va veterinariya klinikasi ochildi, deb xabar bermoqda «Xronika Turkmenistana»ga asoslanib Ekologuz.
Ochilish marosimida sanoat va qurilish vaziri va shuningdek, 1 may kuni «Turkman alabay itlari» assotsiatsiyasi raisi etib saylangan Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi. Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘zi ushbu marosimda bevosita qatnashmadi.
Turkmanistonning TDH davlat axborot agentligining xabar berishicha, ushbu majmua uy hayvonlari: mushuklar, itlar, qushlarni saqlash uchun mo‘ljallangan, shuningdek, baliqlar uchun akvarium ham bor.
Qayd etilishicha, mehmonxona bir necha qismlarga bo‘lingan. Ulardan biri qushlar uchun, ikkinchisi esa mushuk va kuchuklar uchun. U yerda 32 ta «nomer» bo‘lib, ularning 20 tasi katta ikki xonali va 12 tasi nisbatan kichikroq. Shuningdek, kinolog xonasi, itlar sartaroshxonasi, yuvintirish, sayr qildirish xonalari va mashq qildirish maydonlari ham bor.
Mehmonxona va klinikaning tantanali ochilish marosimidan keyin Turkmaniston prezidentining o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov «Turkman alabay itlari» assotsiatsiyasidan davlat rahbari nomidan turkman alabay zotli itlarni Ashxobod shahri va viloyatlarga, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi va chegara xizmatiga topshirgan.
Bunga javoban mamlakatning it boquvchilari nomidan davlat rahbariga minnatdorchilik bildirilib, alabay iti bolasi sovg‘a qilingan. Nashrning yozishicha, tadbirda ishtirok etmagan Gurbanguli Berdimuhamedovdan unga laqab berish so‘ralgan. Prezident kuchukka Polvon deya laqab qo‘ygan va unga atab she’r yozgan.
Shu kuni assotsiatsiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unga mas’ul shaxslar tayinlanib, assotsiatsiya emblemasi tasdiqlangan.
Xabarda aytilishicha, prezident Berdimuhamedov zoomehmonxonani qurishni 2019 yilning fevral oyida topshirgan. Unda ushbu mehmonxonaga o‘z turar joylarini o‘zgartirib, it yoki mushuklarni boqa olmaydigan, dam olish yoki xizmat safari yuzasidan chet elga ketib, uy hayvonlari qarovga muhtoj bo‘lgan odamlar murojaat etishi mumkinligi ta’kidlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter