Gruziyada notinchlik: sabab va oqibatlar
Gruziya parlamenti «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Parlament binosi oldida navbatdagi norozilik namoyishlari ro‘y berdi.
Gruziya parlamenti chorshanba kuni «Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunni ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Bir kun avval qonun bo‘yicha munozaralar parlament binosi oldida to‘qnashuvlar va hibsga olishlar bilan kechgandi. Chorshanba kuni namoyishchilar yana parlament atrofiga to‘planishdi.
150 nafar deputatdan 83 nafari qonun loyihasi uchun ovoz berdi – ularning barchasi hukmron «Gruziya orzusi» partiyasi va ularning ta’siridagi «Xalq kuchi» partiyasi deputatlaridir. Birinchi o‘qishda ham loyiha uchun shuncha miqdorda ovoz berilgandi.
23 deputat qarshi ovoz berdi. Muxolifatning aksariyati yana ovoz berishda qatnashmadi.
Ovoz berishdan so‘ng Gruziya ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari deputatlarning xavfsiz chiqishini ta’minlashgan.
«Namoyishchilar o‘zlari uchun qulay joyda namoyish o‘tkazish imkoniyatiga ega. Ichki ishlar vazirligi siyosiy partiyalar yetakchilari, miting tashkilotchilari va ishtirokchilarini qonunni buzmaslikka, tinch namoyish o‘tkazishga va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi», — deyiladi xabarda.
BBC xabariga ko‘ra, Gruziya parlamenti yaqinida haqiqatan ham politsiyachilar soni kam bo‘lgan, biroq u yerda bir kun oldingiga qaraganda ko‘proq namoyishchilar to‘plangan. Ko‘pchilik politsiya bilan to‘qnashuvlarga tayyor edi: ular niqob va ko‘zoynak taqib olishgan.
Bir guruh namoyishchilar parlament majmuasiga kiruvchi darvozani buzishga harakat qilgan va ichkaridan politsiya xodimlari qalampir gazi qo‘llashgan.
Namoyishchilardan biri Rossiya bayrog‘ini darvozaga bog‘lab qo‘ygan va uni yoqib yuborishga uringan, shundan so‘ng bayroq parchalangan.
Hukmron partiyaga muxolifatda bo‘lgan Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan, biroq ularni politsiya bilan to‘qnashuvlarga bormaslikka chaqirgan.
«Men kechki voqealarni prezident saroyidan kuzatib boryapman va bir necha bor aytganimdek, siz bilan birgaman. Biroq, men bugun biz bilan o‘z shijoatini baham ko‘rayotgan jonkuyar yoshlarga murojaat qilmoqchiman. Parlament darvozasini tinch qo‘ying, bunday ishlardan tiyiling», — dedi Zurabishvili Gruziya televideniyesi orqali namoyish etilgan videomurojaatida.
«Mening yuzimda ko‘rib turganingiz — bu Rossiyaning ta’siri»
Ovoz berishdan oldin hukmron «Gruziya orzusi» partiyasi deputatlari va muxolifat yana odatiy ayblovlarni almashishdi, shuningdek, yig‘ilishlar zalida kichik mushtlashuv uyushtirishdi.
Bahs seshanba oqshomida parlament oldidagi yirik norozilik namoyishi tarqatib yuborilishi ortidan bo‘lib o‘tdi.
Muxolifatdagi «Birlashgan milliy harakat» raisi Levan Xabeishvili qo‘li va yuzi bog‘langan holda gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus kuchlar tomonidan qo‘lga olingan yigitga yordam bermoqchi bo‘lganida u politsiya tomonidan kaltaklangan.
«Meni kaltaklaganlarida, «sizning tilingiz uzun, hukumatni tinmay tanqid qilasiz, balki to‘xtarsiz», deyishdi... Keyin: «Uni o‘ldiringlar, so‘ng boshini urib oldi deysizlar» deb aytishdi», — dedi Xabeishvili minbardan.
«Mening yuzimda ko‘rib turganingiz — bu Rossiyaning ta’siri», dedi u.
«Ozodlik» radiosining gruzin xizmati xabariga ko‘ra, kechki miting tarqalgach, 11 kishi, jumladan olti nafar politsiyachi yordam so‘ragan.BBC muxbirlarining kuzatganlariga qaraganda, namoyishchilar orasida jabrlanganlar ko‘proq bo‘lishi mumkin. Parlament oldidagi namoyishchilarning aksariyati yoshlar va talabalarni tashkil etadi.
Xabeishvili hukmron partiya vakillarini 2024 yil oktabridagi saylovgacha qonun loyihasini ko‘rib chiqishni to‘xtatishga chaqirdi: shundan so‘ng, uning so‘zlariga ko‘ra, qarorni xalq qabul qiladi.
Agar hukmron partiya bunga rozi bo‘lmasa, muxolifat fuqarolarni «Gruziya milliy manfaatlarini himoya qilishga» chaqiradi.
Parlament raisi Shalva Papuashvili bunga javoban bir kun oldin va oxirgi kunlarda muxolifat politsiya xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini uyushtirganini aytgan.
«Moskvaning ko‘rsatmalari»
Seshanba kuni kechqurun politsiya Rustaveli xiyobonida parlament oldidagi mitingni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 63 kishi hibsga olingan.
Bir kun oldin rasmiylar qo‘shimcha dam olish kunlarini e’lon qilishdi: an’anaviy Pasxa dam olish kunlariga bir necha kun qo‘shildi. Muxolifat kuzatuvchilari buni Tbilisidagi namoyishchilar faolligini kamaytirishga urinish deb baholamoqda.
Seshanba kungi norozilik namoyishlari oldidan hukmron «Gruziya orzusi»ning faxriy raisi, mamlakatning eng nufuzli biznesmeni Bidzina Ivanishvilining bayonoti Gruziyadagi ta’sir agentlari G‘arb tomonidan moliyalashtirilayotgani va Gruziyada «urush partiyasi» borligi haqidagi mish-mishlarni boshlab yubordi.
Ivanishvilining nutqi hukmron partiya va qonun muxoliflari o‘rtasidagi chegara chizig‘ini yanada aniqroq belgilab berdi.
Muxolifatchilar qonunni «ruscha» deb atashadi va uning ko‘p jihatdan Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunining asl nusxasiga o‘xshashligini ta’kidlaydilar.
Bir muncha vaqt Ivanishvilining maslahatchisi bo‘lgan tahlilchi Gia Xuxashivili BBC bilan suhbatda bo‘lgan.
«Biz jiddiy fuqarolik to‘qnashuvi yoqasida turibmiz»,— deydi Xuxashvili. — «Hozirgi vaziyat avvalgilardan tubdan farq qiladi. Biz Yevropaga intilyapmizmi yoki Rossiya imperiyasiga? Rasmiylar sobiq Ittifoqga qaytayotganimizni yaqqol ko‘rsatishmoqda».
Xuxashviliga ko‘ra, hozirgi hukumat Rossiya modeliga amal qilmoqda. «Bularning barchasi Moskvadagi ko‘rsatmalardan kelib chiqmoqda. Moskva bu holatni 10 yil oldin boshidan o‘tkazgan».
Dushanba kuni hukmron partiya o‘z tarafdorlarini poytaxtda yirik mitingga yig‘ib, viloyatlar aholisi uchun avtobuslar tashkil qilgan.
Siyosatshunos Gia Nodia o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Ivanishvili «o‘z xalqini bilmasligini va 29 apreldagi mitingga olib kelingan sarosimaga tushgan olomonni gruzin xalqi deb o‘ylaganini» yozdi.
«29 aprel kuni u (Ivanishvili) ochiqchasiga o‘z xalqiga qarshi urush e’lon qildi», deb yozadi professor Nodia milliarderning «G‘arb agentlari» haqidagi so‘zlarini sharhlab.
Endi nima bo‘ladi?
Qonun qabul qilingunga qadar hali yakuniy uchinchi o‘qish bor, u hali rejalashtirilmagan, lekin katta ehtimol bilan 17 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Shundan so‘ng, Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili, va’da qilinganidek, qonunga veto qo‘yadi va qonun parlamentga qaytadi, bunda hukumat tarafdorlari nazariy jihatdan uni bekor qilish uchun yetarli ovozga ega.
Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun albatta qabul qilinishini aytdi.
«Bu masalada murosa qilish mumkin emas, chunki bu qonun jamiyatdagi qutblanishni kamaytiradi. May oyi o‘rtalarida ushbu qonunga ovoz beriladi va bir necha haftadan so‘ng parlamentda prezident vetosi inkor qilinadi, shundan so‘ng qonun kuchga kiradi», — deya bosh vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Rossiya TASS agentligi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter