Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Go‘beklitepa: qadimgi dunyo siri

Go‘beklitepa: qadimgi dunyo siri

Tarixi neolit davriga, qariyb 11 ming yil avvalga borib taqaladigan Turkiya janubi-sharqidagi Go‘beklitepa insoniyat tomonidan qurilgan eng qadimgi monumental inshootlar to‘plami hisoblanadi. Ushbu topilmalar insoniyat tarixi va uning ovchilik jamiyatidan o‘troq, dehqonchilik jamiyatiga o‘tish haqidagi tushunchalarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Uning sirli timsollar va hayvon tasvirlari bilan o‘yilgan «T» shaklidagi mahobatli ustunlari qadimgi odamlar jamoasi va diniy ibodat, marosimlarining murakkabligidan dalolat beradi.

Kolizey arxeologik bog‘i ma’muriyati Turkiya janubi-sharqidagi Shanliurfa shahrida joylashgan dunyodagi eng qadimiy va eng qiziqarli arxeologik yodgorliklardan birini kashf qilish uchun jamoatchilikni sayohatga chorlovchi «Go‘beklitepa: Qutlug‘ makon sirlari» nomli ko‘rgazmaning ochilishi haqida e’lon berdi. Ko‘rgazma 2024 yil 25 oktabrdan 2025 yil 2 martgacha Kolizeyda omma uchun ochiq bo‘ladi.

2024 yil 24 oktabrda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma ochilishida Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Go‘khan Yazgi va Kolizey arxeologik bog‘i direktori Alfonsina Russo ushbu xalqaro madaniy hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

«Go‘beklitepa va unga tegishli bo‘lgan keng Tosh tepaliklar insoniyat tomonidan qurilgan ilk yodgorliklarni taqdim etadi. Bu hudud o‘zining turli tuzilmalari bilan insoniyat tarixidagi eng muhim o‘zgarishlardan biri bo‘lgan o‘troq hayotning boshlanishiga guvohdir. Biz insoniyat merosining yana bir ajoyib joyi bo‘lgan mashhur Kolizeyda mintaqaning ushbu topilmalarini namoyish qilishdan mamnunmiz. Italiyalik hamkasblarimizga insoniyatning tarixiy merosini targ‘ib qilish va asrab-avaylash borasidagi qarashlari hamda dastaklari uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman», – deydi Turkiya Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Go‘khan Yazgi.

Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarga ushbu qadimiy sivilizatsiya hayotini chuqur o‘rganish imkonini beruvchi boy mediakontent va 3D tasvirlari orqali o‘ziga xos jozibali tajriba va tasavvur taqdim etadi. Ko‘rgazmada Go‘beklitepadan ko‘plab asarlar, jumladan, monumental ustunlar reproduksiyalari va eng so‘nggi vizualizatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda hududdan topilgan doira shaklidagi majmualarning batafsil rekonstruksiyasi namoyish etiladi.

Ko‘rgazmada Kolizeyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Turkiyadan kelgan moddiy artefaktlar bilan bir qatorda, makonni turli nuqtai nazardan o‘rganish imkonini beruvchi video va virtual sayohatlar kabi interaktiv kontentlar taqdim etiladi.

Shuningdek, tadbir doirasida xalqaro arxeologiya va san’at tarixi mutaxassislari ishtirokida turli konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi.

2018 yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Go‘beklitepa din va monumental arxitekturaning kelib chiqishi haqida noyob tushunchalarni taqdim etishi orqali butun dunyo arxeologlarini qiziqtirish va jalb qilishda davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring