Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniyada cherkov «jodugarlar»ni o‘ldirgani uchun uzr so‘radi

Germaniyada cherkov «jodugarlar»ni o‘ldirgani uchun uzr so‘radi

Foto: «Latin.zen.yandex.com»

Germaniyaning Ayxshtet shahridagi katolik cherkovi 400 yillik sukutdan so‘ng «jodugarlar»ni yoqib yuborgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda «The Independent» xabar berdi.

XV-XVIII asrlarda ushbu shaharda 400 ga yaqin odam jodugarlikda gumon qilinib qiynoqqa solinib, so‘ng o‘ldirilgan.

Shahar arxiyepiskopi Gregor Mariya Frans Xanke o‘sha yillardagi voqealarni «cherkov tarixidagi qonli yara» deb atadi va qurbonlar xotirasiga yodgorlik lavhalarini o‘rnatishga va’da berdi.

Yevropada taxminan 60 ming kishi jodugarlikda gumon qilinib, qatl etilgan. Shulardan 25 ming nafari hozirgi Germaniya hududida o‘ldirilgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar bo‘lgan, lekin erkaklar va bolalar ham chetda qolishmagan.

«Jodugar ovi» qurbonlarini reabilitatsiya qilish kampaniyasi Germaniyada 2011-yilda ruhoniy Xartmut Xegeler tashabbusi bilan boshlangan. O‘shandan beri Germaniyaning 50 dan ortiq shaharlarida, jumladan, Kyoln va Leypsigda hokimiyat jodugarlikda ayblanib qatl qilinganlarni reabilitatsiya qildi va ularning xotirasiga yodgorliklar va lavhalar o‘rnatdi, hatto ko‘chalarning nomlarini ham o‘zgartirdi.

Xegelerning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha asrlarda katolik cherkovi «islohotdan qo‘rqqan, jodugarlarni sud qilish esa unga qarshi kurash vositasi hisoblangan». Misol uchun, katolikdan yuz o‘girganlar iblis bilan til biriktirishda ayblangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring