Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya kansleri Putinning asl maqsadini ochiqladi

Germaniya kansleri Putinning asl maqsadini ochiqladi

Olaf Shols 2021 yil 8 dekabrdan kansler vazifasida faoliyat yuritmoqda.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Germaniyaning tashqi hamda xavfsizlik siyosatida tub burilish yasadi. Kansler Olaf Sholsning kuni kecha Bundestag – mamlakat parlamentida so‘zlagan pafosli nutqi ana shundan dalolat bermoqda.

Germaniya yetakchisi Rossiya qurolli kuchlarining Ukraina hududiga bostirib kirishini Yevropa qit’asi tarixidagi evrilish pallasi deb atagan. 

«Rossiya prezidenti Putin Ukrainaga hujumni boshlar ekan, sovuqqonlik bilan vayronkor urush gulxanini yoqdi. Buning sababi bitta: ukrainaliklarning hurligi uning mustabid hokimiyatini shubha ostiga olar edi. Bu – xalqaro huquqning poymol etilishi. Bu – hech bir asosda oqlab bo‘lmaydigan xatti-harakat», – dedi kansler Shols.

«Putin Ukrainaga hamla qilar ekan, mustaqil davlatni dunyo xaritasidan o‘chirishnigina ko‘zlagani yo‘q. Bu bilan u yarim asr avval Xelsinki yakunlovchi akti qabul qilinganidan buyon amal qilib kelayotgan Yevropada xavfsizlik tartib-qoidalarini ham yo‘qqa chiqarmoqchi», – qo‘shimcha qilgan Germaniya kansleri.

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya qo‘shini Ukrainaga bostirib kirishi ortidan bergan bayonotida Putin bu bilan cheklanmasligi, u Sovet Ittifoqini tiklashga urinayotganini ta’kidlagan edi.

Olmon hukumati rahbari ham okeanortidagi ittifoqchisiga mushtarak fikr bildirgan.

«Putinning tarixiy mavzudagi maqolalarini o‘qigan, Ukrainaga qarshi ochiq urush e’lon qilganini televizorda ko‘rgan yoki men kabi yaqinda u bilan shaxsan uchrashib, bir necha soat suhbatlashgan kishi Putinning Rossiya imperiyasini tiklashni ko‘zlaganiga shubha qilmaydi», – deydi O.Shols.

Germaniya yetakchisi Ukrainada xunrezlik davom etayotgan pallada zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim vazifalarga e’tibor qaratgan.

Birinchidan, butun dunyo, jumladan, Yevropa Ukrainani hozirgi mushkul pallada qo‘llab-quvvatlamog‘i lozim. Kiyevga moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan Berlin qurol-aslaha yetkazish so‘rovini javobsiz qoldirayotgan edi. Ammo Ukraina tajovuz ostida qolgach, Germaniya hukumati favqulodda choraga qo‘l urdi: Kiyevga mudofaa maqsadida qurol-aslaha yuboriladigan bo‘ldi. Qolaversa, Rossiya rahbariyatini urush qaroridan qaytarish uchun YeI misli ko‘rilmagan sanksiyalar qo‘llamoqda.

Berlinda Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin tortib kirishiga qarshi o‘tkazilgan ko‘p ming kishili namoyishdan lavha. Foto: dpa

«Xomxayolga berilmaymiz, albatta, Putin sanoqli soatlarda o‘z siyosiy maslagidan voz kechmaydi. Lekin Rossiya rahbariyati juda qisqa fursatda qanchalik og‘ir tovon to‘lashi kerakligini tushunib yetishi aniq. Birgina o‘tgan haftada Rossiya birjasida narx qulashi 30 foizni tashkil etdi. Bu esa sanksiyalarimiz o‘z kuchini ko‘rsatayotganini tasdiqlaydi», – deydi O.Shols.  

Germaniya rahbari Rossiya urushni zudlik bilan to‘xtatmas ekan, yanada og‘ir iqtisodiy-moliyaviy jazo choralar kuchga kirishidan ogohlantirgan.

Kansler Shols Rossiya armiyasining Yevropaga tahdid solishiga aslo yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlar ekan, Germaniya NATO doirasidagi majburiyatlarini og‘ishmay bajarishini urg‘ulagan.

«Prezident Putin shubha qilmasinki, biz ittifoqchilarimiz bilan alyansning har bir qarich yerini sabot ila himoya qilamiz», – deydi u.

Olmon hukumati boshlig‘i oshib borayotgan tahdidlar sharoitida demokratik qadriyatlarni himoya qilish uchun mamlakat mudofaasiga ko‘proq mablag‘ ajratish zaruratini ham asoslagan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 15 fevral kuni O.Shols Moskvada V.Putin uchrashib, Kreml yetakchisini urushning Rossiya uchun og‘ir oqibatlaridan ogohlantirgan, xunrezlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini uqtirgan edi.

Ammo mutaraqqiy dunyo yetakchilarining urinishlari besamar ketdi. Ogohlantirishlarga qaramay, Rossiya askarining qadami Ukraina tuprog‘iga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Putin Ukrainaga tegishli Donetsk va Lugansk viloyatlari hududini mustaqil respublika sifatida tan olishi ortidan kansler Shols «Shimoliy oqim–2» loyihasiga sertifikat berish jarayonini «muzlatib» qo‘ygan edi. Shu tariqa Kremlning geosiyosiy da’vosi sabab Rossiya g‘aznasidan milliardlab dollar sarflangan yirik loyiha ham yo‘qqa chiqdi. 

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring