Germaniya energetika kompaniyasi «Gazprom»ni sudga berdi
Germaniyaning energetika giganti RWE kompaniyasi gaz ta’minoti yo‘qligi sababli «Gazprom» ga qarshi arbitraj sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda kompaniya vakiliga tayanib, Handelsblatt gazetasi xabar berdi.
RWE Germaniyaning ikkinchi energetika kompaniyasi bo‘lib, Rossiya konsernidan shartnoma bo‘yicha yonilg‘i yetkazib berilmagani uchun tovon to‘lashni talab qilmoqda. Noyabr oyi oxirida Germaniyaning eng yirik gaz importchisi Uniper «Gazprom»ni milliardlab dollar undirish uchun sudga bermoqchi ekanligini e’lon qildi.
Uniper va RWE kompaniyalari «Gazprom» bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgan. Rossiya kompaniyasi «Shimoliy oqim» gaz quvuri orqali gaz yetkazib berishni to‘xtatgach, bu firmalar gazni jahon bozoridan yuqori narxlarda sotib olishga majbur bo‘ldi va uni kommunal xizmatlar va boshqa iste’molchilarga kelishilgan qulay shartlarda yetkazib berishni davom ettirdi.
Kanadaning «Gazprom»ga qarshi joriy etgan sanksiyalari tufayli Rossiya gazining «Shimoliy oqim» gaz quvuri orqali Yevropaga yetkazib berilishi qisqara boshladi. «Gazprom»ning ta’kidlashicha, sanksiyalar tufayli gaz quvurining ishdan chiqqan gaz turbinali dvigatellariga xizmat ko‘rsatish imkonsiz bo‘lib qolgan.
Germaniyaning Uniper kompaniyasi avvalroq Xalqaro arbitraj sudida Rossiyaning «Gazprom Eksport» kompaniyasiga qarshi arbitraj ishini boshlagan edi. Uniper bosh direktori Klaus-Diter Mobax kompaniya gazni almashtirish bo‘yicha barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishi kerakligini aytdi, bu esa hozirda kamida 11,6 milliard yevroni tashkil etadi va 2024 yil oxirigacha o‘sishda davom etadi.
Biroq «Gazprom» Uniper kompaniyasining da’vosini tan olmadi. Hozirda eksportyorning advokatlari o‘z manfaatlarini sudda himoya qilish maqsadida da’voni o‘rganmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter