G‘azo: bombadan ham kuchli xatar (foto)
Mana, ikki oydirki, G‘azo sektorining 2,3 million aholisi urush olovi ichida yashab qolish uchun kurashmoqda. Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoga qo‘shin kiritgan. Noteng va beayov urushda halok bo‘lgan tinch aholi vakillari soni 18 mingdan oshib ketdi. Yuz minglab aholi, bir tomondan, Isroil harbiylari yo‘llayotgan ajal jarchilari – bombalardan qochish uchun pana joy qidirishga mahkum. Ikkinchi tomondan, yuqumli xastaliklar ular hayotiga tahdid tug‘dirmoqda. Tibbiyot tizimi esa falajlanib qolgan. Uchinchi tomondan, qirg‘in qurollaridan ham xatarli boshqa bir ofat – ochlik va tashnalik sabab odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumayotir.
G‘azo sektori 2007 yildan qamal holatida yashar edi. 7 oktyabrda HAMAS bilan urush boshlanishi ortidan Isroil ma’muriyati hududni suv, elektr energiya va yonilg‘i butunlay mahrum qildi. Urush ketayotgan shahar va qasabalarga gumanitar ko‘mak juda kam miqdorda kelmoqda. Oziq-ovqat va dori-darmon taqchilligi esa gumanitar halokat oqibatlarini yanada og‘irlashtirmoqda.
Xalqaro tashkilotlar Isroil hukumatidan oziq-ovqat, suv va energiya blokadasini bekor qilish, g‘azoliklarni ommaviy jazolashni bas qilishni talab qilmoqda.
Jahon axborot agentliklari chop etgan suratlar G‘azoda hukm surayotgan ochlik, tashnalik ko‘lami haqida oz bo‘lsa-da tasavvur uyg‘otadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter