Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Falastinliklarni qayerga ko‘chirasiz? Oygami?» – YI bosh diplomatidan keskin e’tiroz

«Falastinliklarni qayerga ko‘chirasiz? Oygami?» – YI bosh diplomatidan keskin e’tiroz

YeI bosh diplomati Jozep Borrel.

Foto: AFP

G‘azoda haddan ziyod ko‘p odam halok bo‘layotgani sabab Isroilning ittifoqchilari, birinchi navbatda AQSh yahudiy davlatiga qurol-aslaha yetkazishni bas qilishi kerak. Bu talab Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel tomonidan Bryusseldagi matbuot anjumanida ilgari surildi.

O‘tgan hafta prezident Jo Bayden Isroilning G‘azodagi harakatlari me’yordan oshib ketganini tan olgan edi. 

«Agar (G‘azoda) odamlar haddan ziyod ko‘p halok bo‘lmoqda deb hisoblasangiz, balki o‘limlarni qisqartirish uchun (Isroilga) kamroq qurol berganingiz ma’quldir», – dedi Jozep Borrel AQSh rahbariga qarata.

Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi Rafah shahriga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xalqaro tashkilotlar Tel-Aviv ma’muriyatini ayni paytda 1,5 million falastinlik jon saqlayotgan mazkur shaharga hujum ommaviy qirg‘inga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Borrel ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Rafahdagi falastinliklarni oshig‘ich ravishda ko‘chirish haqidagi buyrug‘ini tanqid qildi.

«(Falastinliklarni) qayerga ko‘chirishmoqchi? Oygami? Buncha odamni qayerga evakuatsiya qilish mumkin?» – deya savol qo‘ygan siyosatchi.

Tahlilchilarga ko‘ra, G‘azoda jadal harbiy harakatlar hamda bombardimonlar davom etayotgan bir paytda Rafahda jam bo‘lgan falastinliklar uchun boshqa qochadigan joy yo‘q.

Xalqaro hamjamiyat Rafahda jon saqlayotgan 1,5 million falastinlikning taqdiridan xavotirda. Foto: Xinhua

Xalqaro hamjamiyat hamda AQSh jamoatchiligining bosimi ostida prezident Bayden ham Isroilni Rafah shahriga bostirib kirmaslikka chaqirdi.

Keyingi vaqtlarda Yevropa siyosiy davralarida ham Isroilning G‘azodagi urushiga e’tiroz kuchaymoqda.

2023 yil dekabr oyida Yevropa parlamentining belgiyalik a’zosi Mark Botengi G‘azoda tinch aholi vakillari halok bo‘layotganini keskin qoralagan edi. Unga ko‘ra, yevropalik siyosatchilar Isroilni qo‘llab-quvvatlash va qurol-aslaha yetkazish bilan mudhish jinoyatga sherik bo‘lmoqda.

Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra esa G‘azodagi qatliom uchun Binyamin Netanyahuni Xalqaro jinoiy sudga tortishni talab qilgan.

BMTga ko‘ra, G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortgan. 2023 yil 7 okyatbr kuni Isroil armiyasi HAMAS hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan buyon 2,3 million aholining 85 foizi turarjoyini majburan tark etgan. Ayni paytda Falastin anklavining deyarli butun aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

To‘rt oy ichida G‘azoda 28340 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 67984 kishi jarohatlangan.   

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring