Everest cho‘qqisi va ummonlar tubida topilgan hayot bu yerda topilmadi
Mikroorganizmlar eng shafqatsiz sharoitlarda ham yashay oladi. Dunyodagi eng baland Everest cho‘qqisida, okeanlar tubidagi geotermal qaynoq suvlarda, hatto Xalqaro kosmik stansiya sirtida ularni topishgan.
Biroq Antarktidaning Sheklton muzligi yaqinidan olingan tuproq namunalari bundan istisno.
Oddiy tuproqning bir qoshig‘ida milliardlab mikroorganizmlar yashaydi. Soha mutaxassisi Noa Ferer sayyoramizning eng sovuq va quruq joylaridan sanalmish Antarktika tuprog‘ining bir grammidan hech bo‘lmaganda bir necha mingta mikroorganizm chiqishini kutgandi. Lekin chiqmadi.
Olingan 204 ta namuna «bo‘m-bo‘sh, top-toza, hayot alomati yo‘q». Bunaqasi Yerni o‘rganish tarixida ilk marotaba kuzatilyapti, deyiladi «Science News» xabarida.
Ushbu yangilikni ommaga e’lon qilishdan avval, Noa Ferer, Nik Dregone va boshqa hamkasblari bir necha yillar davomida Antarktika tuproqlarini har qanaqangi usulda elakdan o‘tkazishdi.
Biroq, bu namunalarda istalgan hayot shakli mavjud emas, deyishga ularda to‘la ishonch yo‘q: «Bu tuproqlar mutlaqo steril (top-toza), deya olmaymiz. Hech kimning bunga ishonchi komil emas», — ta’kidladi Ferer.
Ushbu kashfiyot o‘ta past havo harorati va suvsizlik hatto eng bardoshli hayot shakllarini ham halokatga duchor etishidan dalolat beradi.
Biz o‘z ilmu fanimiz bilan hayot izlarini qidirib topishga qanchalik layoqatlimiz — bunday o‘rganishlarning ahamiyati katta. Ayniqsa, Mars kabi o‘zga sayyoralarni tadqiq etishda bu juda muhim, deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter