Ertaga Saudiya Arabistonida Ukraina bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tadi

18-fevral, seshanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Rossiya rasmiy delegatsiyasi ishtirokida Ukraina bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlari Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokaralarini boshlash uchun Saudiya Arabistoniga borganini xabar qilingan edi.
«Kommersant»ning yozishicha, Amerika tomoni tarkibiga Davlat kotibi Marko Rubio, AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolz va AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkofflar kirishi mumkin. Rossiya tomonidan esa, mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning qirollikka tashrifi kutilyapti.
Shuningdek, Bloomberg ushbu muzokarada Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning ishtiroki haqida ham yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 14-fevral kuni Donald Tramp Saudiya Arabistonida Ukraina kelishuvi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazilishini e’lon qilgan va unda Rossiya va Amerika tomonining «yuqori martabali amaldorlari», shuningdek, Ukraina vakillari ishtirok etishini ma’lum qilgan edi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa tomonlar Ar-Riyodni Rossiya va AQSh delegatsiyalari uchrashuvi uchun ehtimoliy joy sifatida ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ham yetakchilar sammitiga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter