Eronda prezidentlikka nomzodlar aniqlandi
Eron saylov shtab-kvartirasi prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun ruxsat olgan olti nomzoddan iborat ro‘yxatni e’lon qildi. Eslatib o‘tamiz, nomzodlar ro‘yxatiga kirish uchun 80 kishi ariza bergan edi.
Xabar qilinishicha, mamlakatning sobiq ichki ishlar vaziri va sobiq adliya vaziri Mustafo Purmuhammadiy, Tehron meri Alirizo Zakoniy, vitse-prezident Amir-Husayn G‘ozizoda-Hoshimiy, parlament spikeri Muhammad-Bag‘ir G‘olibaf, Eron Xavfsizlik kengashi a’zosi Said Jaliliy va sobiq deputat Ma’sud Pezeshkianga saylovlarda ishtirok etishga ruxsat berilgan.
Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajot va parlamentning sobiq spikeri Ali Larijoniyga saylovlarda qatnashishiga ruxsat berilmadi. Mehr agentligiga ko‘ra, ular Eron parlamenti Kuzatuv kengashi tomonidan tekshiruvdan o‘ta olmadi.
Saylovoldi tashviqoti davomida nomzodlar ishtirokida beshta saylovoldi debati bo‘lib o‘tadi va ularda prezidentlikka da’vogarlar o‘z siyosiy dasturlarini taqdim etadilar. Har bir bahs uch soatdan to‘rt soatgacha davom etishi ko‘zda tutilgan.
Eronda prezidentlik saylovlari 28 iyunga belgilangan. Eslatib o‘tamiz, muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylov prezident Ibrohim Raisiy vafotidan keyin amalga oshirilmoqda. 19 may sanasida Raisiy uchayotgan vertolyot Eronning Tavil qishlog‘i yaqinida, Ozarbayjon bilan chegaradan 30 km uzoqlikda qulagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter