Eronda 15 yoshida turmushga berilgan Samira Sabziyon qatl etildi
Eronda erini o‘ldirganlikda ayblanib hibsga olingan Samira Sabzian qatl etildi.
The Mirror nashrining yozishicha, Eronda «bola kelin» nomi bilan tanilgan 29 yoshli Samira Sabziyon dorga osish yo‘li bilan qatl qilingan. U erini o‘ldirgani uchun 10 yil avval o‘limga hukm qilinib, shu vaqtga qadar qamoqda saqlanayotgandi.
Tehron ayolning qatl etilganini rasman e’lon qilmagan, Eron matbuoti ham bu haqda xabar bermagan.
Gazetaning yozishicha, qatl mamlakatdagi eng yirik qamoqxonalardan birida amalga oshirilgan.
Samira Sabziyon 15 yoshida turmushga berilgan. U, qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, doimiy ravishda oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan.
19 yoshida Samira erini o‘ldirishda ayblanib hibsga olindi va qizga darhol o‘lim jazosi berildi. Uning ijrosi esa keyinga qoldirildi.
Hibsga olingan paytda Samira Sabziyonning ikki farzandi bor edi. U o‘n yilni qamoqda o‘tkazdi, unga qatl qilinishidan biroz oldin bolalari bilan bir marta ko‘rishishiga ruxsat berilgan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi voqeadan tashvish bildirdi. Departament Eronni o‘lim jazosi uchun moratoriy joriy etishga chaqirdi.
Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 2023 yilda Eronda 18 ayol qatl etilgan. Tehron bunday statistikani e’lon qilmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter