Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron Rossiyaga «hudkush dron»lar yetkazib berganini tan oldi

Eron Rossiyaga «hudkush dron»lar yetkazib berganini tan oldi

Eron rasmiysi Rossiyaga «hudkush dron»larini yetkazib berganini, biroq bu urushdan avval sodir bo‘lganini aytdi.

«Ukrainadagi urushdan bir necha oy oldin Eron Rossiyaga oz sonli uchuvchisiz uchoqlarni topshirgan edi», – deydi Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan Tehron Moskvaga raketa yetkazib bermaganini ta’kidlar ekan.

U, shuningdek, G‘arb davlatlarining Eronni Ukrainadagi urushda yordam berish uchun Rossiyaga raketa va uchuvchisiz samolyotlar berayotgani haqidagi shov-shuvlarini «mutlaqo noto‘g‘ri» deydi.

Husayn Amir Abdullohiyan Eron harbiy-siyosiy delegatsiyasi ikki hafta oldin ukrainaliklar bilan uchrashish uchun Yevropa davlatiga borganini va bu uchrashuv AQSh va Germaniya bosimi sabab tashkil etilmaganini ta’kidlab: «Biz Ukraina tashqi ishlar vaziri bilan Rossiya tomonidan Eron uchuvchisiz uchoqlaridan foydalangani haqida bizga dalil taqdim etishga kelishib oldik», – deya qo‘shimcha qilgan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi so‘nggi daqiqada yetib kelmagan. Bunga AQSh va ayrim Yevropa davlatlari sabab bo‘lgan.

«AQSh va ba’zi Yevropa davlatlari, xususan Germaniya Ukrainaga, «biz Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilayotgani sababli Eronga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqchi bo‘lib turgan bir paytda, siz Yevropada turib eronliklar bilan qahvaxo‘rlik qilmoqchimisiz!» deyishdi», – deydi Abdullahiyan.

Uning qayd etishicha, shundan so‘ng ukrainalik hamkasbi bilan telefon orqali muloqotda ular Tehronga Eron dronlaridan foydalanilgani haqidagi dalillarni topshirishga kelishib olgan.

«Agar ular va’dalariga sodiq qolishsa, biz bu masalani yaqin kunlarda muhokama qilishimiz mumkin», – dedi Eron TIV rahbari.

U, shuningdek, Eron tomonining ham asl maqsadi urushni tugatish ekaniga urg‘u beradi.

«Agar Rossiya Ukrainadagi urushda Eron dronlaridan foydalangani aniqlansa, biz bu masalaga befarq qolmaymiz. Ukrainadagi urush borasidagi pozitsiyamiz urushni tugatish, tomonlarni muzokaraga qaytarish va qochqinlarni uylariga qaytarishdir. Eron tomoni prezident va tashqi ishlar vaziri darajasida bu borada juda ko‘p sa’y-harakatlarni amalga oshirdi», – deydi Amir Abdullahiyan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring