Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron: «bomba otasi»ni o‘ldirishda sun’iy yo‘ldoshdan foydalanishgan

Eron: «bomba otasi»ni o‘ldirishda sun’iy yo‘ldoshdan foydalanishgan

Foto: «Sashanep.livejournal.com»

Eron qurolli kuchlari vakili Ramazon Sharif mudofaa vazir o‘rinbosari, yadro-fizik Muhsin Faxrizoda sun’iy yo‘ldoshdan boshqariladigan qurol yordamida o‘ldirilganini tasdiqladi.

Faxrizoda 27-noyabr kuni Tehron yaqinidagi suiqasd natijasida halok bo‘ldi. U og‘ir jarohat olib, shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Marhum olim Mudofaa vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion tashkilotning rahbari, harbiy kafedra rahbarining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

«Sepah News» portalining xabariga ko‘ra, yuqori martabali harbiy amaldor Faxrizodani o‘ldirishda «sun’iy yo‘ldosh tomonidan boshqariladigan zamonaviy elektron uskunalardan foydalanilgan»ini aytgan.

«Fars» agentligining ma’lum qilishicha, u 150 metr uzoqlikdagi «Nissan» avtomashinasiga o‘rnatilgan va masofadan boshqariladigan quroldan otib o‘ldirilgan. Suiqasd sodir bo‘lgan joyda Faxrizoda va uning soqchilaridan boshqa hech kim bo‘lmagan.

Sun’iy yo‘ldosh haqidagi ma’lumotni avvalroq «Al-Alam» telekanali o‘z manbalariga tayangan holda e’lon qilgan edi.

Jinoyat sodir etilgan joyda jinoyatchilarning yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Eron rasmiylari tomonidan tasdiqlandi. Ular suiqasdni kim rejalashtirgani va qotillikka aloqador boshqa shaxslarni aniqlashganini ma’lum qilishdi.

Eron hukumati sodir bo‘lgan hodisada Isroilni, shuningdek, mamlakatda taqiqlangan «Eron xalq mujohidlar tashkiloti»ni ayblab, qotillikka javob qaytarishga va’da berdi. Eronning ba’zi rasmiylari AQSh va Saudiya Arabistonining aloqalariga ham ishora qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring