Erkaklar sochi, ayollar yurishi, telefon tutishi — tolibonlar bosib olingan hududlarda «yangi tartib» o‘rnatmoqda

Afg‘onistonning Taxor viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning aytishicha, tolibonlar bosib olingan hududlarda o‘z tartiblarini o‘rnata boshlagan, deb xabar berdi «RIA Novosti».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon harakati a’zolari yangidan-yangi soliqlar joriy eta boshlashgan, shuningdek, mahalliy aholini «noo‘rin xatti-harakatlari» uchun «jazolashmoqda».
Uning izohlashicha, tolibonlar ayollarga tashqariga chiqish va kiyim kiyish borasida cheklovlar qo‘ygan. Erkaklarga soch oldirish taqiqlanadi. Bundan tashqari, telefonlar tekshiriladi: mabodo tolibonlar nuqtai nazaridan mos kelmaydigan narsalar aniqlansa, jazolanadi.
«Alohida fuqarolar va butun guruhlar Tolibon guruhlari uchun navbatma-navbat ovqat tayyorlashga majbur. Fermerlardan ushr va zakot majburiy undirilmoqda. Ikki kishidan ortiq guruh bo‘lib harakatlanish taqiqlanadi, ayollarga esa erining va yaqin qarindoshlarining hamrohligisiz ko‘chaga chiqish taqiqlanadi», — dedi Taxorda yashovchi Abdulholiq Taxori «RIA Novosti» agentligiga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tolibonlarning xatti-harakati tufayli u yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan.
AQSh va NATO mamlakatlari Tolibon va AQSh vakillari o‘rtasida 2020-yilda imzolangan tinchlik shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shinlarni 1-maydan respublikadan olib chiqa boshlagach, Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashgan. Afg‘onistonda hukumat kuchlari va Tolibon o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter