Erdo‘g‘on Turkiya oldida turgan eng muhim vazifani ochiqladi
Jumhuriyatni abadiy asrash Turkiyaning eng muhim vazifasidir. Bu haqda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Turkiya Respublikasi tashkil etilganining 100 yilligi munosabati bilan yo‘llagan murojaatida ta’kidlagan.
Murojaatda Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk, yangi davlatni barpo etishda jonbozlik ko‘rsatgan qahramonlar, vatan tuprog‘ini o‘z qoni bilan sug‘organ shahidlar va g‘oziylar ehtirom bilan yodga olingan.
«Bugun 100 yoshini buyuk jo‘shqinlik bilan nishonlayotganimiz Turkiya Respublikasi bizning bu zaminda bunyod etgan so‘nggi davlatimizdir. Millatimizning moziydan kelajakkacha cho‘zilgan yo‘li Saljuqiylardan Usmoniylargacha, ulardan Turkiya Respublikasiga qadar yetib kelgandir. Turkiya Respublikasi prezidentining bayrog‘idagi 16 yulduzda 2200 yillik davlatchilik an’analarimiz to‘la-to‘kis o‘z ifodasini topgan», – deydi Erdo‘g‘on.
Qayd etilishicha, mamlakatda keyingi chorak asrda demokratiyadan iqtisodiyotga, xavfsizlikdan adolatga, ta’limdan sog‘liqni saqlashga, dehqonchilikdan tashqi siyosatga qadar – har sohada tarixiy islohotlar amalga oshirildi.
«Prezidentlik boshqaruv tizimi bilan G‘oziy Mustafo Kamol «Milliy kurashning maqsad va g‘oyasi – millatning tom istiqlolini va so‘zsiz mustaqilligini ta’minlash va davom ettirishdir» deya o‘rtaga qo‘ygan idealni qariyb bir asrdan keyin bo‘lsa-da, voqelikka aylantirdik. Davlat va millat orasiga urilgan devorlarni olib tashlab, xalq bilan jumhuriyatni qovushtirdik», – deyiladi murojaatda.
Siyosiy yetakchi kelgusi yuzyillikni jahon miqyosida Turkiya asriga aylantirish uchun xalq va davlat bor kuchini ishga solishini urg‘ulagan.
Ma’lumot o‘rnida, 1923 yilning 29 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi (Türkiye Cumhuriyeti) tashkil topgani e’lon qilingan. Istiqlol kurashiga boshchilik qilgan Mustafo Kamol Otaturk mamlakatning ilk prezidenti etib saylangan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 100 yillik sana munosabati bilan hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga tabrik yo‘lladi.
Avval xabar berganimizdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Olgan Bekar turk xalqi bir asr avval istiqlol uchun kurashda turkistonliklar ko‘rsatgan ko‘makni hamisha yodda saqlashini qayd etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter