Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Samarqandda Putin bilan qaysi masalani muhokama qilmoqchi ekanini ochiqladi

Erdo‘g‘on Samarqandda Putin bilan qaysi masalani muhokama qilmoqchi ekanini ochiqladi

Foto: AA

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 15-16 sentyabr kuni Samarqandda tashkil etilayotgan ShHT sammiti doirasida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazadi. Bu haqda Erdo‘g‘onning o‘zi Bolqon mamlakatlariga tashrif davomida OAV vakillariga ma’lum qildi.

Ikki davlat rahbari muzokarasida yashil koridor orqali g‘alla yetkazish masalasi markaziy o‘rin tutadi.

«Samarqandda Putindan yashil koridor orqali g‘alla yetkazishni boshlashni so‘rayman. Rossiyadan g‘alla yuborish boshlanishi bilan yuklarni Afrikaning qashshoq mamlakatlariga ham oqilona taqsimlash va yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Men bu masalani Rossiya prezidenti oldiga ochiqchasiga qo‘yaman. Afrikada og‘ir ahvolda qolgan davlatlar talaygina, axir!» – degan Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘on ayni paytda Ukraina portlaridan eksport qilinayotgan g‘alla birinchi navbatda kambag‘al o‘lkalar emas, boy davlatlarga yuborilayotganini ham tanqid qilgan.

«Bunday bo‘lmasligi kerak. Asosiy maqsad oziq-ovqat muammosini hal etishda kambag‘al mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash edi-ku! Afsuski, hozir manzara butkul o‘zgacha. Kemalar rivojlangan yoki rivojlanayotgan mamlakatlarga yo‘l olmoqda», – degan u.

Turkiya yetakchisi Rossiya prezidenti bilan muloqotda o‘z mamlakati aholisi uchun maqbul narxda gaz olish masalasini ham ko‘tarishini qayd etgan.

Rossiya bosqini sababli Ukraina omborlarida saqlanayotgan katta miqdordagi donni Qora dengiz orqali dunyo mamlakatlariga sotish yo‘li yopilib qolgan edi. Oqibatda oziq-ovqat bozorida narx osmonga sapchib, ko‘plab mamlakatlarga ocharchilik xavf solayotgan edi.

Avval xabar berganimizdek, ocharchilikning oldini olish maqsadida joriy yil 22 iyul kuni Istanbul shahrida «Ukraina portlaridan g‘alla hamda oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz olib o‘tish tashabbusi» deb nomlangan bitim imzolandi.

Mazkur hujjat Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish shafeligida tasdiqlandi. Bitimga mezbon davlat nomidan Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar, Rossiya nomidan mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Ukraina nomidan infrastruktura vaziri Aleksandr Kubrakov imzo chekkan. BMT bosh kotibi mazkur hodisaga “Qora dengizda umid uchquni porladi» deya munosabat bildirgan.

Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida xalqaro ahamiyatga molik boshqa masalalar ham muhokama etilishi kutilmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Samarqand sammitida 8 ta davlat rahbari ShHT a’zosi sifatida, 3 ta davlat rahbari kuzatuvchi maqomida, 4 ta davlat rahbari esa mehmon o‘laroq ishtirok etishini ma’lum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring