Erdo‘g‘on Isroilni keskin ogohlantirdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroilni qaltis harakatlarning ayanchli oqibatlaridan ogohlantirdi. Gap shundaki, avvalroq Tel-Aviv ma’muriyati HAMASning chet eldagi, jumladan, Turkiyadagi rahbarlarini yo‘q qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqalgan edi.
«Bu ishni ko‘zlaganlar Turkiya va turklarni yaxshi bilmaydi shekilli. Agar ular xato ishga qo‘l ursa (HAMASning Turkiyada yashayotgan yetakchilariga suiqasd nazarda tutilmoqda – tahr.), buning uchun katta tovon to‘lashlarini bilishlari kerak. Ular G‘azoni havo, dengiz va quruqlikdan qamal qilib, bir haftada g‘alaba qilamiz deb o‘ylagan edi. Xo‘sh, oqibat nima bo‘ldi? G‘azoni egalladilarmi?» – deya Isroil rasmiylariga jurnalistlar vositasida murojaat qilgan Erdo‘g‘on.
Siyosiy yetakchiga ko‘ra, Turkiya razvedka va xavfsizlik sohasida erishayotgan yutuqlarga butun dunyo guvoh bo‘lib turibdi.
«Qolaversa, biz kecha paydo bo‘lgan davlat emasmiz. Buni hech kim unutmasligi kerak», – deb ta’kidlagan Turkiya rahbari.
Ma’lumki, Isroil HAMASning 7 oktyabrdagi hujumiga javoban G‘azoga qo‘shin kiritdi. Xalqaro tashkilotlar harbiy amaliyot jarayonida minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.
Turkiya rahbari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azodagi harbiy jinoyatlari uchun jazolanishiga ishonch bildirgan.
Ko‘plab musulmon davlatlar qatori Turkiya ham 1967 yilgi chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi lozimligini aytib keladi. Erdo‘g‘on bu gal ham ushbu talabni yodga solgan.
«Hozirgi vaziyatda Isroil uchun eng maqbul yo‘l – 1967 yilgi chegaralarda mustaqil Falastin davlati tashkil etilishiga rozi bo‘lish va Falastinning bosib olingan hududlarini qonuniy egasiga qaytarishdir», – dedi u.
Ma’lumot o‘rnida, avvalroq AQShning The Wall Street Journal nashri Isroil HAMASning xorijdagi yetakchilarini o‘ldirmoqchi ekani haqida xabar bergan edi.
Maqolada yahudiy davlati maxsus xizmati HAMASning Turkiya, Qatar va Livandagi a’zolarini ta’qib etishi bayon qilingan.
Isroilning KAN televideniyesi orqali namoyish etilgan suhbatda ham mamlakatning ichki razvedka xizmati rahbari Ronen Bar suiqasdlar rejasi haqida gapirgan.
Rasmiy Anqara Tel-Aviv ma’muriyatining G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin tanqib qilib kelmoqda.
Avvalroq prezident Erdo‘g‘on Falastinda harbiy jinoyatlar sodir etayotgan Isroilni jazolashga harakat qilishi haqida gapirgan edi.
Shuningdek, u G‘azoda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamining uzluksiz yetkazilishini talab qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter