Erdo‘g‘on bu gal metro poyezdini boshqardi
Istanbul shahridagi Sabiha Gekchen aeroportidagi metropoliten stansiyasi ochildi. 7,4 kilometrlik Pendik – Sabiha Gökçen tarmog‘i ochilish marosimida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qatnashgan va shaxsan o‘zi mashinist sifatida yo‘nalishni sinovdan o‘tkazgan.
Turkiya rahbariga ko‘ra, yangi yo‘nalish ochilishi bilan Istanbul metropolitenining umumiy uzunligi 270 kilometrga yetdi. Tezkor va qulay sanalgan yerosti transporti uzunligini 366 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan. Erdo‘g‘on, ayni choqda, transport va infrastrukturani takomillashtirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilishini ma’lum qilgan.
Yangi metro yo‘nalishining ishga tushirilishi bilan aeroportdan Istanbulning Osiyo qismi markaziga qadar 50 daqiqada yetib olish mumkin bo‘ladi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil avgust oyida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Kojaeli viloyatidagi poligonga tashrif buyurib, mamlakatning ilk elektromobilini shaxsan sinovdan o‘tkazgandi. Turkiyada ishlab chiqarilayotgan avtomobillar 2023 yilning birinchi choragida bozorlarda paydo bo‘ladi. Bursadagi avtozavod 5 turdagi yengil mashina ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter